2022- yil 2- dekabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti rahbariyati, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Irgashyev Batir Samarovich “O‘zbеkiston Rеspublikasida tashqi va ichki savdo statistikasi bo`yicha yig`ma tahliliy axborotlarni shakllantirish” mavzusida taqdimot qildi.
Taqdimotda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi, tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha yirik hamkor-davlatlar hamda ular bilan amalga oshirilayotgan eksport-import masalalari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbirda Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Mamadjanov Abrorali Ashiraliyevich makroiqtisodiy ko’rsatkichlar dinamikasi, uning o’sish sur’atlari va ta’sir etuvchi omillar bo‘yicha so‘z yuritdi.
Davra suhbati yakunida bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o’tkazish hamda universitetda faoliyat yuritayotgan ilmiy tadqiqotchilar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi. Shuningdek, universitet bilan memorandum imzolash taklifi berildi.
Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdilar.
Matbuot xizmati