Korrupsiya bu - jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.
Joriy yilning 11- fevral kuni Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasida “Biz Korrupsiyani birgalikda yengamiz” shiori ostida xodimlarda korrupsiyaga qarshi faol kuchaytirishga qaratilgan targʻibot tadbiri tashkil qilindi. Mazkur tadbirga boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Bosh yuriskonsult hamda tarmoq bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Bosh yuriskonsult M. Sharipov so‘zga chiqib, bugungi globallashuv, mintaqa va davlatlararo integratsiya jarayonlari jadallashib borayotgan murakkab bir sharoitda korrupsiya chegara bilmas muammoga aylanganligi, korrupsiya keltirib chiqarayotgan oqibatlar jamiyatlarni ich-ichidan yemirib, demokratik va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazishi, inson huquqlarining qoʻpol ravishda buzilishiga olib kelinishi, iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqarishi, jamiyat va davlat uchun oʻta xavfli boʻlgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib berishi haqida ma’ruza qildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining qabul qilinishi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturlarining qabul qilinganligi yurtimizda korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qilib kelayotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Matbuot xizmati