05/03/2026

2026 yil 3–6 mart kunlari AQSHning Nyu-York shahrida BMT Statistika komissiyasining 57-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir BMT Statistika bo‘limi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda dunyoning 200 dan ortiq mamlakatlari vakillari, jumladan, Komissiyaning 34 ta a’zosi ishtirok etmoqda.

Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi 2026 yil 1 yanvardan boshlab Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib, BMT Statistika komissiyasi Byurosiga 2026–2029 yillar uchun a’zo etib saylandi.

Shu bois, O‘zbekiston mazkur 57-sessiyada Byuro a’zosi sifatida ilk bor ishtirok etmoqda.

Shuningdek, 57-sessiya doirasida Islom hamkorlik tashkiloti Statistika kengashining 14-sessiyasi yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvlar, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish masalalari yuzasidan muhokamalar hamda BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi Statistika qo‘mitasi Byurosining ochiq yig‘ilishida ishtirok etish rejalashtirilgan.

Mazkur sessiya O‘zbekiston milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Sessiya 6 martga qadar davom etadi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech