Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi. Maqsad aniq, rejalar qat’iy. Amaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan.
Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish Kontseptsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Kontseptsiya asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan so‘ng 2020- yil 16- mart kuni qabul qilindi.
Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo'lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan. Asosiy printsiplardan biri sifatida davriylik printsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Yana bir muhim printsiplardan biri, bu shaxsga doir ma‘lumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir ma‘lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatil-masligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya’ni respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o‘tilgan.
Shuningdek, Qonunda, aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro'yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan.
Ayni paytda Davlat statistika qo'mitasi tomonidan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini ro‘yxatga olishning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha axborot-targ‘ibot ishlari ham izchil davom ettirilyapti. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.