2022- yilning 6- dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasida “O‘zbekistonda statistika tizimini mustahkamlash” loyihasi doirasida Jahon banki vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda qoʻmita raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligida qoʻmita markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Namangan viloyat statistika boshqarmasi boshligʻi hamda Jahon banki ishchi guruhi a’zolari – Uilyam Seitz, Sevilya Muratova va boshqa ekspertlar qatnashdi.
Missiyaning maqsadi “O‘zbekistonda statistika tizimini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirishdagi keyingi qadamlarni, harakat rejasini, shuningdek, loyiha doirasida ma'lumotlar bo‘yicha so‘rovlarni muhokama qilishdan iborat.
Eslatib o’tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ- 4796-sonli qaroriga muvofiq, Jahon banki ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan “2020—2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi” tasdiqlangan edi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a'zolari loyihaning borishi, joriy vazifalari va kelgusidagi tadbirlar rejasi bilan qo‘mita raisini tanishtirdi. Loyihaning tarkibiy qismlari, xususan, institutsional islohotlar va salohiyatni rivojlantirish, ma’lumotlarni tayyorlash, texnik imkoniyatlarni takomillashtirish, shuningdek, loyihani boshqarish masalalari ko’rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar mazkur loyiha doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Matbuot xizmati