2022- yilning 24- noyabr kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasida ilk marta oʻtkaziladigan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning istiqboldagi rejalari muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi ekspertlari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi statistika boʻyicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze boshqa mamlakatlarning qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha tajribasi, shuningdek, FAOning bu borada amalga oshirgan ishlari haqida taqdimot qildi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish qishloq xoʻjaligining asosiy statistikasini yigʻishda muhim vosita boʻlib xizmat qilishi qayd etildi. Yagona dastur va metodologiya boʻyicha oʻtkazilgan keng qamrovli statistik soʻrov qishloq xoʻjaligining holati va tuzilishi, uning resurs salohiyatining mavjudligi va ulardan foydalanish toʻgʻrisida eng toʻliq va obyektiv maʼlumotlarni olish imkonini beradi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi vakili Humoyun Oʻrazbekov ishtirokchilarni ushbu sohadagi Oʻzbekiston Respublikasining meʼyoriy-huquqiy bazasi va qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish bosqichlari bilan tanishtirdi.
Shuningdek, sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish xamda asosiy roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va bu borada respublika va hududiy komissiyalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, barcha jalb etilgan vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalar toʻgʻrisida haqida soʻzlab berdi. Davra suhbatida asosiy qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish boʻyicha keyingi qadamlar muhokama qilindi, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021- yil 26- fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2024- yilda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasida asosiy roʻyxatdan oʻtkazish tashkil etiladi.
Bu boradagi vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi hisoblanadi. Tadbirlarning xalqaro standartlarga javob berishini taʼminlash maqsadda FAO “Sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish uchun qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tashkilotchilarini qoʻllab-quvvatlaydi. Mazkur loyihaning maqsadi Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi statistikasi tizimini takomillashtirish va Davlat statistika qoʻmitasi xodimlarini qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha usullar va dala ishlarini olib borishga oʻrgatishdan iborat.
Eslatib oʻtamiz, 1-31- avgust kunlari Toshkent viloyatining Parkent va Samarqand viloyatining Jomboy tumanlarida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ilk bor tashkil etildi. Tadbirlarda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi statistika boʻyicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze ham ishtirok etdi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish uchun ishlab chiqilgan anketalarni takomillashtirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi. Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishni qoʻllab-quvvatlash uchun FAO vaqtincha jalb qilingan shaxslar uchun oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etdi, shuningdek, xabardorlikni oshirish uchun materiallar, yaʼni bannerlar, plakatlar, qoʻllanmalar, bukletlar va flayerlar kabi axborot-kommunikatsiya materiallarini taqdim etdi.
Matbuot xizmati