22/12/2021

     Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasi “Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish” bo‘limi xodimlari va Qarshi shahridagi 31-son umum ta‘lim maktab o‘qituvchilari ishtirokida Aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish mavzusida seminarlar olib borildi.

     Aholini ro‘yxatga olish tadbiri keng qamrovli va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining diqqat markazida bo‘lib turganligini inobatga olgan holda, joylardagi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan vazifalarni sifatli bajarish lozimligi haqida tushuntirishlar berib o‘tildi.

     Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan buyog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.

     Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular masʼul bo‘ladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real bo‘lishi shart.

     Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin.

     Yoshi va kasbidan qatʼiy nazar, aholini ro‘yxatga oluchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslaxatlar beriladi.

     Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, seminar qatnashchilari аholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari bilan tanishtirildi va ularni to‘ldirish yo‘riqnomasi bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.        

Matbuot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech