2024- yil 18- sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida joriy yilning 9–12- sentabr kunlari Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Statistika bo‘limi, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlari uchun BMT Statistika instituti, Statistik siyosatni rejalashtirish bo‘yicha kanselyariya bosh direktori, Yaponiya hukumatining Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi hamda Qirg‘iz Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi hamkorligida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi davlatlari uchun iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillik hisobini yuritish bo‘yicha mintaqaviy seminar natijalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda mazkur seminarda ishtirok etgan agentlikning Sanoat statistikasi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Begzod Yoʻldoshev hamda Qishloq xoʻjaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Nigoraxon Dehkanova ishtirokchilarni yigʻilishda koʻrib chiqilgan masalalar, iqlim oʻzgarishi va biologik xilma-xillikka tegishli hisoblar, shu jumladan, energiya hisobotlari, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli moddalar, uglerod chiqindilari, ekotizim miqyosi va ekotizim xizmatlari boʻyicha tanishtirishdi.
Shuningdek, tadbir davomida mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.