Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi. Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol oʻynaydi.
Faqat taxminlarga tayanib ish koʻrgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgoʻylik maʼlum jabhalardagina zarur. Aniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish oʻrinsiz. Ayniqsa, hozirgi tez oʻzgarib borayotgan zamonda!
Bugun biz soʻz yuritmoqchi boʻlgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Yaʼni aholini roʻyxatga olish haqida.
Xoʻsh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda juda koʻp gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi roʻyxatga olinmaganmidi?
Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-oʻchar qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo goʻsht, falon litr yogʻ, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-neʼmatlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon aʼzolari yoshi, xohishi va taʼbidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yogʻsizroq, kimgadir sergoʻshtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yoʻl tutasiz. Oʻgʻlingiz yo qizingizni biror toʻgarakka bermoqchisiz? Bu oʻrinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!
Endi savol tugʻiladi: qanday qilib bu borada toʻgʻri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila aʼzolaringizning har biri haqida aniq va toʻliq maʼlumotlar bazasi bor!
Aholini roʻyxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir boʻlib, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini roʻyxatga olish tadbiri – aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumotlar olishning yagona manbai boʻlib xizmat qiladi.