11/12/2023

Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi. Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol oʻynaydi.

aholini roʻyxatga olish — Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida oʻtkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;

aholini roʻyxatga olish sanasi — aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);

respondentlar — aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;

roʻyxatga olish varagʻi — koʻrsatilgan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;

roʻyxatga olish hujjatlari — aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;

roʻyxatga oluvchi xodimlar — Oʻzbekiston Respublikasining aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrishga va uni oʻtkazishga jalb etilgan, maxsus oʻquvdan oʻtgan voyaga yetgan fuqarolari;

uy xoʻjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʻzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʻjalik yuritadigan, pul mablagʻlarini toʻliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʻindisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin. Uy xoʻjaligi bitta shaxsdan iborat boʻlishi mumkin.

Aholini roʻyxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

aholining sogʻligʻini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi oʻzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish;shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʻrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash; aholini roʻyxatga olishlar oraligʻidagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish.

Faqat taxminlarga tayanib ish koʻrgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgoʻylik maʼlum jabhalardagina zarur. Aniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish oʻrinsiz. Ayniqsa, hozirgi tez oʻzgarib borayotgan zamonda!

Bugun biz soʻz yuritmoqchi boʻlgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Yaʼni aholini roʻyxatga olish haqida.

Xoʻsh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda juda koʻp gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi roʻyxatga olinmaganmidi?

Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-oʻchar qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo goʻsht, falon litr yogʻ, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-neʼmatlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon aʼzolari yoshi, xohishi va taʼbidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yogʻsizroq, kimgadir sergoʻshtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yoʻl tutasiz. Oʻgʻlingiz yo qizingizni biror toʻgarakka bermoqchisiz? Bu oʻrinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!

 Endi savol tugʻiladi: qanday qilib bu borada toʻgʻri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila aʼzolaringizning har biri haqida aniq va toʻliq maʼlumotlar bazasi bor! 

Aholini roʻyxatga olish bilan bogʻliq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpogʻistonda xonadonlar issiq boʻlishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna koʻmir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Fargʻonada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tugʻuruq yoshidagi ayol bor va mavjud tugʻruqxonalardagi oʻrinlar soni ana shu koʻrsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq oʻchmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Andijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...

 Koʻryapsizmi, aholini roʻyxatga olish, yaʼni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!

Biroq yuzaki va taxminiy koʻrsatkichlar bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi maʼlumotlarning aniq va ishonchliligiga bogʻliq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti oʻlchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay sakkiz demang!

Aholini roʻyxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir boʻlib, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

Aholini roʻyxatga olish tadbiri – aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumotlar olishning yagona manbai boʻlib xizmat qiladi.

Birinchi bosqichda (3 yilgacha boʻlgan muddatda)

Aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish (normativ xujjatlar, dasturiy taʼminot, tashkiliy ishlar) ishlarini amalga oshirish.

Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha boʻlgan davr)

Bevosita aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish ishlari amalga oshiriladi.

Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha boʻlgan davr)

Aholini roʻyxatga olish tadbirining birlamchi materiallari maʼlumotlari jamlanadi, elektron bazaga kiritiladi, kodlashtirish, nazorat, tahrir qilinadi natijalari eʼlon qilinadi.

Kutilayotgan natijalar:

Har bir maʼmuriy-hududiy birliklar kesimida yaʼni, viloyat, tuman, shahar, shaharcha va qishloqlardagi aniq aholi soni Respublikani iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishda sohalar boʻyicha manzilli dasturlarning tayyorlanishi. Jon boshiga yalpi hududiy va yalpi ichki maxsulot hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarni shakllantishish uchun Ilmiy izlanishlarda foydalanish. Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha indikatorlarning shakllanishi Xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning oʻrnini oshirish. Barcha darajadagi demografik holatlar yaʼni, aholining yoshi, jinsi, millati, kam sonli aholisi bor millatlar, maʼlumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari. Hozirgi demografiyaning aniq hisobi va kelajakdagi prognozi. Respublika, viloyat va tuman darajasidagi byudjetlarning aniq shakllantirilishi. Tuman, shahar, viloyat va respublikada uy-joyga boʻlgan extyojni aniqlash. Xorijiy investorlarni jalb qilish uchun. Uzoq va chegaradosh hamda chegaradan tashqari hududlar aholi maʼlumotlarini aniq hisobini shakllanishi shular jumlasidan iborat.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech