05/04/2023

Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini roʻyxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi boʻyicha aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini roʻyxatga olish bilan bogʻliq hujjatlar, jumladan, roʻyxatga olish varaqalari, roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazish, uning natijalarini olish va eʼlon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi. Birinchisi – tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi.

Ikkinchisi – asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va roʻyxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.

Mamlakatimizda 2023-yilda oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olish tadbiri anʼanaviy usulda, yaʼni roʻyxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qogʻoz shaklidagi roʻyxatga olish varaqalarini toʻldirish orqali amalga oshiriladi.

Qariyb uch yil choʻziladigan soʻnggi bosqichda esa olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman eʼlon qilinadi. Roʻyxatga olish jarayonida toʻplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.

Roʻyxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarb. Chunki maʼlumotlarning toʻgʻriligiga ular bevosita masʼul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari boʻlishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qoʻmitasi va uning viloyat, shahar va tuman boʻlimlari xodimlari, statistika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.

Aholini roʻyxatga oluvchilar uchun uslubiy qoʻllanmalar va video darsliklar ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi. Zarur hollarda, ularga qoʻshimcha maslahatlar beriladi.

Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga hamda maʼlumotlarni qayta ishlashga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Jarayonni davlat byudjeti mablagʻlari va qonun bilan taʼqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish koʻzda tutilgan.

Amaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlar uch tilda (oʻzbek, rus va ingliz tillarida) eʼlon qilinishi belgilangan.
Chora-tadbirlar dasturiga asosan 2025-yil 1-dekabriga qadar aholini roʻyxatga olish natijalari rasman chop etiladi va eʼlon qilinadi hamda aholini roʻyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech