Joriy yilning 28-fevral–3-mart kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh ofisida Statistika komissiyasining 54-sessiyasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika Komissiyasi, 1947-yilda tuzilgan boʻlib, global statistika tizimining eng yuqori organi hisoblanadi. U butun dunyodan BMTga aʼzo davlatlarning statistika idoralari rahbarlarini birlashtiradi.
Xalqaro statistika faoliyati sohasida, xususan, statistik standartlar, konsepsiyalar va uslubiyotlarni ishlab chiqish va ularni xalqaro va milliy miqyosda amalga oshirish boʻyicha qaror qabul qiluvchi asosiy organ hisoblanadi.
Shuningdek, u BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashining (EKOSOS) funksional komissiyasi boʻlib, Kengashga milliy statistika tizimlarini rivojlantirish va milliy statistik maʼlumotlarning taqqoslanuvchanligini taʼminlashda, BMTning ixtisoslashtirilgan agentliklarining statistika sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishda hamda statistikani va statistik metodologiyani takomillashtirishda yordam beradi.
Statistika komissiyasi oʻzining 75 yildan ortiq faoliyati davomida statistikaning barcha yoʻnalishlari boʻyicha asosiy xalqaro standartlar, konseptual taʼriflar va uslubiy koʻrsatmalarni muhokama qilish va qabul qilish uchun asosiy platformaga aylandi.
Statistika idoralarining eng nufuzli yigʻilishida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham BMT Bosh ofisiga yetib borishdi.
Delegatsiya 27-fevral kuni tashkil etilgan “Statistika forumi”da ham qatnashdi. Forum doirasida bir qator statistika idoralari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan oʻzaro muloqot-tajriba almashildi.
Ayni kunda 54-sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamalarida ishtirok etilmoqda.
Shuningdek, sessiya doirasida delegatsiya BMT Statistika departamenti direktori Stefan Shvaynfest, Osiyo va Tinch Okeani boʻyicha Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK) statistika qoʻmitasi direktori Reychl Biven va boshqa bir qator mamlakatlarning milliy statistika idoralari rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkizilib, ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshiriladigan masalalar koʻrib chiqildi.
Uchrashuvlar mobaynida xalqaro tashkilotlar vakillari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha Oʻzbekistonda qoʻlga kiritilgan natijalar ijobiy ekanligini eʼtirof etishdi. BMT Statistika boʻlimi tomonidan idoraning rasmiy veb-saytida Oʻzbekistonda BRM borasida Statistika agentligi vakolati doirasidagi vazifalarni yuqori darajada tashkil etganligi ham alohida eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, muloqotlar jarayonida aksariyat ekspertlar Ochiq maʼlumotlar reytingi (ODIN) baholashlarida Oʻzbekiston pozitsiyasini yaxshilab, 66 ball bilan reytingda 192 davlat orasidan 40-oʻrinni (Markaziy Osiyoda birinchi) egallaganligi ham bu borada samarali islohotlar amalga oshirilayotganligini bildiradi, deya eʼtirof etishgan.
Sessiya ishi davom etmoqda.
Delegatsiya vakillarining sessiyalardagi ishtiroki va xalqaro tashkilotlar hamda boshqa davlatlar statistika idoralari vakillari bilan boʻlgan uchrashuvlar yakuniga oid yana qoʻshimcha axborotlar berib boriladi.
Matbuot xizmati