2023-yil 28-fevral kuni Milliy matbuot markazida “Statistika ishlari dasturi doirasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar hisoboti” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi rahbariyati, boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Statistika agentligi oʻz faoliyatini “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonun va unga muvofiq ishlab chiqiladigan statistika dasturlari asosida tashkil etadi. Rasmiy statistika sohasida statistika kuzatuvlarini oʻtkazish, statistika maʼlumotlarini shakllantirish va tarqatish har yili milliy va xorijiy foydalanuvchilarning statistika maʼlumotlariga boʻlgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi 61-son qarori bilan tasdiqlangan 2022-yil uchun Statistika dasturiga muvofiq, jami 2 968 ta statistika ishlari belgilangan muddatlarda bajarilgan, shundan 1 705 tasi statistika organlari tomonidan amalga oshirilgan.
Agentlik tomonidan jami 1 364 ta, jumladan: makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va balanslar - 499 ta, iqtisodiyot tarmoqlari koʻrsatkichlari - 545 ta, ijtimoiy soha koʻrsatkichlari - 180 ta va Korxona va tashkilotlar yagona davlat registri - 140 ta koʻrsatkichlar shakllantirilgan. Vazirlik va idoralar tomonidan statistika organlariga rasmiy statistikani tayyorlash uchun 445 ta maʼmuriy maʼlumotlar taqdim etilgan hamda 817 ta statistika ishlari rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tayyorlangan.
Dasturga muvofiq, bajarilgan ishlar ochiq statistika maʼlumotlari, axborotnomalar, toʻplamlar, press-relizlar koʻrinishida hamda OAV, rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ravishda milliy va xorijiy foydalanuvchilar eʼtiboriga yetkazib berildi.
Agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy “Telegram” kanalida va “Facebook” sahifasida 16 459 ta va “Instagram” sahifasida 690 ta yangiliklar eʼlon qilindi. “Youtube”dagi rasmiy sahifada 50 dan ortiq infografika roliklari joylashtirildi. 32 ta infografika roliklari hamda statistika faoliyatiga oid 304 ta lavhalar respublika telekanallarida doimiy tarzda efirga uzatildi.
Agentlik stat.uz rasmiy veb-sayti “Rasmiy statistika” boʻlimida makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, milliy hisoblar, narx va indekslar, sanoat, qishloq xoʻjaligi, aholi turmush darajasi va boshqa qator statistika yoʻnalishlari boʻyicha 400 ta statistika maʼlumotlari toʻplamlari eʼlon qilindi.
2022-yilda xalqaro tashkilotlarning 46 ta savolnomalari, jumladan, BMT Statistika boʻlimining 10 ta, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining 7 ta, YUNESKO statistika institutining 9 ta, Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2 ta, Xalqaro Elektroaloqa Ittifoqining 2 ta va boshqa xalqaro tashkilotlarning 16 ta savolnomalari toʻldirildi.
Xalqaro statistika amaliyoti tavsiyalarini inobatga olgan holda, 2022-yilda 36 ta yangi uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqildi hamda 9 tasi takomillashtirildi.
Bundan tashqari, 4 ta xalqaro maʼlumotlar bazalaridagi, xususan XVJning kengaytirilgan Maʼlumotlarni tarqatishning umumiy tizimi doirasida, MDH, “COMTRADE” va “TRANSMONEE” maʼlumotlar bazalarida Oʻzbekistonning statistika koʻrsatkichlari oʻz vaqtida yangilandi.
Foydalanuvchilar tomonidan rasmiy statistika maʼlumotlarini izlab topishda qulaylik yaratish maqsadida, “Statistika” integrallashgan axborot tizimi siat.stat.uz portali ishga tushirildi. Hozirgi kunda, mazkur portalda jami 1 700 ga yaqin rasmiy statistik koʻrsatkichlar - 10 yillik dinamik qatorlarda, shuningdek, 30 yillik asosiy makrokoʻrsatkichlar joylashtirildi. Mazkur maʼlumotlar 3 xil (Excel, PDF va JPG) formatda hamda mustaqil ravishda integratsiya qilish uchun ham 3 xil (CSV, JSON va XML) texnologiyada joylashtirildi va doimiy ravishda yangilab borilmoqda.
Respondentlar uchun qulaylik yaratish maqsadida, 15 ta maʼmuriy maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilish hisobiga 9 ta statistika hisobotlari bekor qilindi, 62 ta statistika hisobotlaridagi 3 174 ta koʻrsatkichlar qisqartirildi va 47 ta hisobot muddatlari maqbullashtirildi, shuningdek, ilgʻor axborot texnologiyalaridan foydalangan holda statistika hisobotlarini topshirishning eStat-4.0 axborot tizimi takomillashtirildi.
Joriy yilda “Korzinka”, “Makro”, “Media Park” va “Asia.uz Supermarket” kabi yirik savdo majmualari boʻyicha tovarlarning narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni integratsiya (veb-skreyping texnologiyasi) orqali olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda, respublika boʻyicha kuzatuvga tanlab olingan jami 30 dan ortiq yirik savdo majmualaridagi 17 000 dan ortiq mahsulot boʻyicha narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hududiy statistika organlari xodimlari tomonidan savdo majmuasiga tashrif buyurmasdan, veb-dastur orqali onlayn ravishda planshetlarga qayd etib borilmoqda.
Statistika agentligi tomonidan milliy hisoblar koʻrsatkichlarini hisoblash uslubiyotlari “MHT-2008” xalqaro uslubiyoti qoidalariga toʻliq muvofiqlashtirildi.
Ochiq maʼlumotlar portalini takomillashtirish, maʼlumotlar sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish natijasida, portalda eʼlon qilingan maʼlumotlar toʻplamlari soni bugungi holatga 6 757 ga yetdi. Jumladan, Agentlik tomonidan portalda eʼlon qilinayotgan statistika maʼlumotlari toʻplamlari soni 2 198 tani tashkil qilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida:
- SIAT axborot portali xalqaro tashkilotlar, jumladan, Open Data Watch tashkiloti ekspertlari tomonidan ijobiy baholandi;
- Oʻzbekiston Open Data Inventory (ODIN) ochiq maʼlumotlar reytingida 66 ball bilan 40-oʻringa koʻtarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni saqlab qoldi. “Open data Inception” maʼlumotiga koʻra jahon mamlakatlari orasida Oʻzbekiston 124 ta ochiq maʼlumotlar manbalari bilan ochiq maʼlumotlar manbalari soni mavjudligi boʻyicha dunyoda 4-oʻrinni egalladi;
- “Elektron hukumat kuzatuvi 2022”da “Ochiq davlat malumotlari indeksi” boʻyicha Oʻzbekiston eng yuqori (Very High OGDI) koʻrsatkichga ega boʻldi. Jami ushbu indeksda 200ga yaqin mamlakat baholandi;
- Oʻzbekiston Respublikasi 32 ball toʻplab, Global maʼlumotlar barometri
(The Global Data Barometer - GDB) baholashiga asosan 58-oʻrinni egalladi;
- Ochiq maʼlumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi boʻyicha agentlikning rasmiy veb-sayti (stat.uz) eng yuqori – “Platina” (PLATINUM) darajasida baholangan;
- Oʻzbekiston BMT tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni yoritib borish boʻyicha 87 ta eng ilgʻor tajribaga ega davlatlar qatoriga kiritildi.
Statistika agentligi
Matbuot xizmati