2023- yilning 21- fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida Chirchiq davlat pedagogika universiteti professor-oʻqituvchilari, talabalar va jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Fan arbobi Muhamedov Gʻofurjon Isroilovich boshchiligida universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar va ilmiy izlanuvchilar uchun statistik maʼlumotlarni shakllantirish metodologiyasi borasida maʼlumot berish uchun tegishli tarmoq boshqarmalarining ish faoliyati bilan tanishildi. Mikro darajadagi raqamlardan makroiqtisodiy koʻrsatkichlargacha amalga oshiriladigan bosqichlar borasida axborot berildi.
Shuningdek, Agentlikda tashkil etilayotgan “Statistika muzeyi” bilan ham tanishildi.
Press-tur doirasida ochiq muloqot va ikki tomonlama hamkorlikdagi memorandum imzolash jarayonlari ham tashkil etildi.
Ochiq muloqotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovich ochib berib, statistika tizimida amalga oshirilayotgan ishlar borasida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi boshligʻi Odiljon Mamadaliyev Agentlik faoliyati, erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar borasida alohida taqdimot qildi.
Shundan soʻng, universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar va ilmiy izlanuvchilarining oʻzlarini qiziqtirgan savollariga Agentlik direktori va mutaxassislari batafsil javob berishdi.
Ochiq muloqot yakunida Agentlik va universitet oʻrtasida hamkorlikda amalga oshiriladigan memorandum imzolandi.
Kelgusida ham bunday uchrashuvlarni doimiy oʻtkazilishiga kelishib olindi.
Matbuot xizmati