Joriy yilning 28- dekabr kuni Davlat statistika qoʻmitasida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirga taniqli iqtisodchi olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Gʻulomov Saidahror Saidahmedovich taklif etildi.
Taʼkidlash lozimki, shu yil 20- dekabrda davlatimiz rahbari Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida nuroniylarga berilayotgan eʼtibor, bu borada uch avlod uchrashuvlarinig ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtgan edi.
Jumladan, akademik Saidahror Gʻulomov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi va taʼlim sifatini oshirishda uch avlodning vazifalari borasida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
U taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli ekani, oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarurligini, har bir oʻquvchining qobiliyatiga qarab, aniq yoʻnalishlar boʻyicha chuqur oʻqitish hamda dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish imkoniyatlari kengaytirish lozimligini taʼkidladi.
Shuningdek, akademik tomonidan intellektni oʻstirish omillari, talab oshadigan kasblar, sogʻlom ovqatlanish ratsioni kabi koʻplab foydali maʼlumotlar berildi.
Yosh kadrlarga maqsadga erishish yoʻlidagi muammo va kamchiliklardan choʻchimasdan harakat qilish kerakligini oʻz hayotiy koʻnikmalari orqali tushuntirib berdi.
Milliy statistika sohasida olib borilayotgan ochiqlik siyosati, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini taʻminlash borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Uch avlod uchrashuvida mamlakat iqtisodiyotini shakllantirish, bugungi kunda iqtisodiyot sohasidagi oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʻlumotlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Matbuot xizmati