2022- yil 14- dekabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Toshkent davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi Sanoat statistikasi boshqarmasi Jo`rayev Sardor Botirovich so‘nggi yillarda sanoat statistikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, “Sanoat statistikasini shakllantirish va tahlil qilish” mavzusida taqdimot qilindi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi sanoatining asosiy ko‘rsatkichlari, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari, sanoat ishlab chiqarishining asosiy tarmoqlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish, makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar, ishbilarmonlik muhiti kuzatuvlari, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalar va qurilish, tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo, qishloq xo`jaligi va ekologiya, narxlar statistikasi bo‘yicha talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
Davra suhbati yakunida bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish hamda talabalar uchun amaliyot darslarini tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, universitet bilan memorandum imzolash masalasi ko‘rib chiqildi.
Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdilar.
Matbuot xizmati