Joriy yilning 26- noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida “Statistikaning zamonaviy muammolari: nazariya, uslubiyot va amaliyot” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.
Anjumanda AQSHning Pensilvaniya va Jorjiya xalqaro universitetlari, Rossiyaning Ural davlat iqtisodiyot, Janubiy federal universitetlari, Polsha xalqaro biznes akademiyasi kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalari vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda yurtimizdagi turli vazirlik va idoralar xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab tadbirda i.f.d., akademik, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Gulyamov Saidaxror Saidaxmedovich mavzu yuzasidan batafsil soʻz yuritdi.
Shuningdek, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Gʻoyibnazarov Bahodir Karimovich, Polsha xalqaro biznes akademiyasining xalqaro hamkorlik ishlari boʻyicha prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Rafal Rebilas statistikaning zamonaviy muammolari: nazariya, uslubiyot va amaliyot masalasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.
Xalqaro anjuman davomida statistika fani rivojlanishini tadqiq etishning nazariy-uslubiy jihatlarini keng yoritib berish, makroiqtisodiy statistikaning dolzarb muammolarini bartaraf etish boʻyicha metodologiyasini takomillashtirish borasida ham maʼlumotlar berildi.
Ishtirokchilar tarmoqlar (sohalar) statistikasi taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlarining roli va oʻrnini koʻrsatib berish, mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyat statistikasi rivojlanishining hozirgi holati va istiqbollarini belgilash masalalarida ham oʻzaro fikr-mulohaza almashishdi.
Tadbir soʻnggida mavzu yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
Matbuot xizmati