Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, oʻtkazish va natijalarini eʻlon qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020- yil 11- noyabrdagi 710-son qaroriga muvofiq, joriy yilning avgust oyida uy-joylar roʻyxatini tuzish ishlarini amalga oshirish vazifasi belgilangan edi.
Shu munosabat bilan shu yilning 4–31-avgust kunlari respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 7 ming nafarga yaqin registrator xodimlar tomonidan turar joylar va aholi yashashi mumkin boʻlgan noturar joylar roʻyxatini shakllantirish hamda mahalla xaritalarini joyidagi haqiqiy holatga mosligini oʻrganish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbirlar natijasida mahallalardagi raqamsiz uylar, nomsiz koʻchalar, xaritaga kiritilmagan turar joylar, buzilgan uylar, yangi qurilayotgan turar joylar va aholi yashashi mumkin boʻlgan noturar joylar aniqlanadi va mahalla xaritalari yangilandi. Bu esa aholini roʻyxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Ish jarayonida faol ishtirok etgan registratorlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Matbuot xizmati