2020- yil 1- iyun kuni Prezidentimiz boshchiligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Mazkur grafik asosida 2020-2021- yillarda tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etilgan edi.
2022- yilning 19- avgust kuni Davlat statistika qo‘mitasi Statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya boshqarmasi tomonidan hududiy statistika boshqarmalari xodimlari malakasini oshirishga qaratilgan onlayn vebinar tashkil etildi.
Tadbirda 2020-2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amaliyotga joriy qilish, foydalanuvchilarni statistik ma'lumotlar bilan yuqori darajada ta'minlash borasida fikr-mulohazalar almashildi. Jumladan, boshqarma boshlig‘i “Faoliyatga sifatni boshqarishning ilg‘or tizimlaridan biri GAMSOni joriy etish” mavzusida taqdimot qildi. Taqdimotda GAMSO modeli, uning tarixi, tarkibiy qismlari va ahamiyati haqida batafsil yoritib berildi.
Tadbirda statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya sohasidagi mavjud muammo va kamchiliklar muhokama va tahlil qilingan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.
Vebinar so‘nggida, sohadagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilinib, hududiy statistika boshqarmalarning xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.
Matbuot xizmati