25/08/2026

Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirni viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i N.R. Xamrayev kirish so‘zi bilan ochib, boshqarma tizimida faoliyat olib borayotgan barcha tuman va shahar statistika bo‘limlari xodimlarini Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.

O‘z nutqida mamlakatimiz taraqqiyoti, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda muhim boshqaruv qarorlarini qabul qilishda ishonchli va sifatli statistik ma’lumotlarning o‘rni tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, tizim xodimlarining mas’uliyati, fidoyiligi va o‘z vazifalariga vijdonan yondashishi soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Tadbir davomida statistikada uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib, o‘zining boy tajribasi va fidokorona faoliyati bilan jamoada munosib hurmat qozongan bir guruh xodimlarning mehnati alohida e’tirof etildi. Ularga ko‘p yillik samarali faoliyati uchun qimmatbaho qo‘l soatlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, tizimda faoliyat yuritayotgan boshqa xodimlarga ham bayram munosabati bilan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Ayniqsa, aholi va qishloq xo‘jaligi sohasiga oid muhim statistik tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish jarayonlarida faol ishtirok etib, yuklatilgan vazifalarni sifatli va mas’uliyat bilan bajargan xodimlarning mehnati alohida e’tirof etildi. Ularning tashabbuskorligi, jamoaviy hamkorligi hamda belgilangan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashgani yuqori baholandi.

Boshqarma boshlig‘i oldinda turgan muhim vazifalarga ham to‘xtalib, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, kelgusida ham statistik ma’lumotlarning aniqligi, xolisligi va sifatini ta’minlash, zamonaviy yondashuvlardan samarali foydalanish hamda barcha topshiriqlarni o‘z vaqtida va yuqori saviyada bajarish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, bugungi e’tirof har bir xodim uchun yangi marralar sari intilish, kasbiy mahoratini yanada oshirish va jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalarni sidqidildan bajarishga qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishi bildirildi.

Tadbir ko‘tarinki va samimiy ruhda davom etib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarga kelgusidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘lik va oilaviy farovonlik tilandi.

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech