O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida munosib mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizning xizmatlari yuksak e’tirof etilmoqda.

Shu munosabat bilan viloyat hokimligida ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga sadoqati hamda hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shgan hissasi bilan e’tirof qozongan bir guruh faollarga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda Qashqadaryo viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Berdiyev Anvar Abdivaliyevich so‘zga chiqib, taqdirlanganlarni ushbu yuksak e’tirof bilan muborakbod etdi.


Quvonarlisi, mazkur esdalik nishoniga Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasining bir qator xodimlari ham munosib ko‘rildi. Bu — statistika sohasida sidqidildan mehnat qilib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar haqida xolis, ishonchli va sifatli ma’lumotlar taqdim etib kelayotgan xodimlarimiz mehnatiga berilgan munosib bahodir.

Taqdirlanganlar bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida bundan buyon ham bor bilim va salohiyatlarini safarbar etishlarini ta’kidladilar.

“O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etamiz!

Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch, taraqqiyotimiz bardavom bo‘lsin!



