Joriy yilning 21-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining birinchi majlisi oʻtkazildi.
Mazkur komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6247-son Farmoniga muvofiq tuzilgan boʻlib, davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksini baholash natijalarini koʻrib chiqish hamda Ochiqlik indeksi boʻyicha yakuniy qaror qabul qiluvchi organ hisoblanadi.
Komissiya tarkibiga, Farmonga muvofiq, baholash faoliyatida bevosita ishtirok etadigan vazirlik va idoralarning xodimlaridan tashqari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ham kiritilgan.
Masjlisda Davlat statistika qo’mitasidan Akrom Sultanov boshchiligida Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.
Majlisda Baholash komissiyasining 2022-yil uchun Ochiqlik indeksini hisoblash faoliyati boʻyicha chora-tadbirlar rejasi koʻrib chiqilib, tasdiqlandi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida Ochiqlikni ta’minlash va ochiq ma’lumotlar toʻplamini e’lon qilishda yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kamchiliklarning muhokamasi kun tartibidan o’rin oldi.
Ma’ruzachilar tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va masofaviy monitoring natijalari boʻyicha aniqlangan holatlar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish va oldini olish borasida taklif va mulohazalar bildirildi.