Joriy yilning 3- iyun kuni Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasida “Korrupsiya – kelajakka tahdid” shiori ostida xodimlarda korrupsiyaga qarshi faol kuchaytirishga qaratilgan targʻibot tadbiri tashkil qilindi. Mazkur tadbirga boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Bosh yuriskonsult hamda tarmoq bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Bosh yuriskonsult M. Sharipov so‘zga chiqib, bugungi globallashuv, mintaqa va davlatlararo integratsiya jarayonlari jadallashib borayotgan murakkab bir sharoitda korrupsiya chegara bilmas muammoga aylanganligi, korrupsiya keltirib chiqarayotgan oqibatlar jamiyatlarni ich-ichidan yemirib, demokratik va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazishi, inson huquqlarining qoʻpol ravishda buzilishiga olib kelinishi, iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqarishi, jamiyat va davlat uchun oʻta xavfli boʻlgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib berishi haqida ma’ruza qildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining qabul qilinishi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturlarining qabul qilinganligi hamda Davlat statistika qo‘mitasining 2021-yil 29- dekabrdagi 127-sonli buyrug‘ini 3- ilovasi bilan tasdiqlangan “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha Nizom” talablarini ijrosini ta’minlanishiga ko‘ra yurtimizda korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qilib kelayotganligi haqida to‘xtalib hamda barcha statistika sohasiga oid qonun va qarorlarning mazmun mohiyati bo‘yicha tushunchalar berdi.
Matbuot xizmati