2020- yilning 1- iyun kuni davlatimiz rahbari boshchiligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Mazkur grafik asosida 2020-2021- yillarda tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etilgan edi.
2022- yilning 26- may kuni Davlat statistika qo‘mitasi Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi tomonidan hududiy boshqarmalar xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan videokonferensiya tashkil etildi.
Videokonferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasiga oid atamalar, tanlanma kuzatuvlarni o’tkazish usullari bo‘yicha qo’mita mutaxassislari hududiy statistika boshqarmalari xodimlarining bilim va salohiyatini o’rgandi.
Shuningdek, Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi vakilllari soha ishlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan o’z takliflarini berib o’tdi.
Tadbirda qo‘mitaning Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi va hududiy statistika boshqarmalari xodimlari sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.
Bunday amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan videokonferensiyalar qo’mitaning boshqa tarmoqlari tomonidan ham tizimli ravishda tashkil etilishi yo’lga qo’yilgan.
Matbuot xizmati