28/04/2022

 Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tomonidan «Statistika asoslari» bo‘yicha shartnoma asosida Qashqadaryo viloyatining barcha bo‘g‘indagi hokimliklari va viloyat tashkilotlari iqtisodchi xodimlari uchun shu yilning 27 – 29 aprel kunlariga mo‘ljallangan qisqa muddatli sayyor o‘quv kursi boshlandi.

    

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ - 4796- sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 84 - bandida Davlat statistika qo‘mitasiga davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda iqtisodiyot tarmoqlari xodimlarining amaliy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida, shartnoma asosida «Statistika asoslari» bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.

  

Yuqorida qayd etilgan qaror talabini 2022- yilda to‘liq bajarish maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi raisi tomonidan mazkur o‘quv kursini joriy yilda tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha reja – jadvali tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan navbatdagi o‘quv kursi Davlat statistika qo‘mitasi va viloyat hokimligining bevosita ko‘magida mamlakatimizning eng salohiyatli hududlaridan biri hisoblangan Qashqadaryo viloyatining barcha bo‘g‘indagi hokimliklari, korxona va tashkilotlari iqtisodchi xodimlari uchun 27 – 29 aprel kunlariga mo‘ljallangan sayyor kurs tarzida tashkil etildi va o‘tkazilmoqda.

    

Mazkur o‘quv kursi mashg‘ulotlari Davlat statistika qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan o‘quv rejasiga muvofiq va maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida o‘tkazilmoqda.

   

 

O‘z navbatida, kurs ishtirokchilari institut professor - o‘qituvchilari tomonidan elektron shaklda tayyorlangan maʼruza matnlari, taqdimot va tegishli tarqatma materiallari, shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladigan 2021- yil uchun hududlar ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishining dast’labki yakunlari bo‘yicha tahliliy statistik maʼlumotlar bilan taʼminlanadi va kurs yakunida ularga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.

Matbuot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech