2020- yilning 1- iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
2022- yilning 29- mart kuni Davlat statistika qo‘mitasi Sanoat statistikasi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi onlayn o‘quv-seminari ham tizim xodimlarining salohiyatini oshirishning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Seminarda Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda sanoat statistikasiga oid atamalar, sanoat ishlab chiqarishining fizik hajmi indeksi, iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish va mahsulotlarning texnologik turlari, hisoblash usullari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari hududiy statistika boshqarmalari xodimlarini bilim va salohiyatini o‘rgandi.
Tadbirda qo‘mitaning Sanoat statistikasi boshqarmasi va hududiy statistika boshqarmalarining sanoat bo‘limi xodimlari sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.
Hududiy statistika boshqarmalari sanoat bo‘limi xodimlarining soha bo‘yicha bergan savollariga qo‘mita vakillari batafsil javob va tushuntirishlar berdi.
Bunday amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan videokonferensiyalar qo‘mitaning boshqa tarmoqlari tomonidan ham tizimli ravishda tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Matbuot xizmati