2022 yil 31- yanvardan 5- fevralgacha Minsk shahrida aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha Belarus Respublikasi tajribasini o‘rganish yuzasidan o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvlar BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi (UNFPA) hamkorligida o‘tkazildi.
O‘quv seminarlarda Davlat statistika qo‘mitasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasidan Q.Berdiqulov, K.Saparov, S.Guseynov, Axborot xavfsizligi boshqarmasidan Sh.Djanadilov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va interaktiv davlat xizmatlari boshqarmasidan Sh.Samadov, M.Umarov hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi va UNFPA vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvlar davomida O’zbekiston Respublikasida 2021- yil noyabr oyida o‘tkazilgan aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish natijalari asosida uslubiy va huquqiy normativ hujjatlari, aholini ro‘yxatga olish dasturi, birlamchi ma’lumotlarini elektron bazaga kiritish bo‘yicha axborot tizimini takomillashtirish hamda aholini ro‘yxatga olishda planshet qurilmalaridan foydalanish kabi qator dolzarb masalalar bo‘yicha bilim va tajribalar muhokama qilindi.
Minsk shahrida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvning Davlat statistika qo‘mitasi uchun muhim ahamiyati shundaki, mamlakatimizda 2023- yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkil etishda MDH davlatlari, jumladan, Belorus Respublikasi tajribasini o‘rganish hamda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi.