30/09/2021

     Joriy yilning 28- sentabr kuni Moskva shahrida Rossiyaning Federal statistika xizmati tomonidan Moskva shahar iqtisodiy siyosat va taraqqiyot departamenti, «Центростат» analitik markazi va Statistik ekspertiza xalqaro markazi bilan hamkorlikda “Davlatlar va shaharlarning xalqaro reytinglari: metodologiya, ochiq ma’lumotlar, shaffoflik" mavzusida konferensiya o'tkazildi. Konferensiya Xalqaro statistika institutining 63- statistika jahon kongressi doirasida tashkil etildi.

     Konferensiyada Jahon Banki ekspertlari guruhi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) vakillari, BMTning statistika bo‘limi xodimlari, shuningdek, analitik va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

     Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – ochiq muloqot tashkil etish va xalqaro tashkilotlar hamda reyting tuzuvchi agentliklar bilan o'zaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat.

     Konferensiya davomida xalqaro reytinglarni baholash yondashuvlari, ularning biznes va jamiyatga ta’siri, shuningdek, rasmiy statistika va muqobil ma’lumotlar manbalarining ahamiyati, ma'lumotlarni tasdiqdan o‘tkazish tajribasi, reytinglarni tuzuvchilar va  reyting ishtirokchilari o'rtasidagi o'zaro hamkorlik mexanizmlari ko'rib chiqildi.

     Konferensiyada O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich “Statistika sohasidagi islohotlar va ularni xalqaro reytinglarda baholanishi” mavzusidagi taqdimoti bilan ishtirok etdi.

     Qo‘mita raisi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida” PF-6003 sonli Prezident Farmoni mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga me’zon bo‘lganligiga alohida to’xtalib o’tdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining “Doing business”, “Elektron hukumatni rivojlantirish”, “Iqtisodiy erkinlik”, Jahon Bankining “Statistika salohiyati indeksi” va ochiq ma’lumotlar sohasiga doir bir qator indekslardagi o‘rni yuqorilab borayotganini ta’kidladi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar o‘z natijasini ko‘rsatayotganidan dalolatdir.

    Konferensiya doirasida boshqa ekspertlarning ham ma’ruzalari tinglandi. Bevosita onlayn tarzda qatnashgan ishtirokchilar o’zlarini qiziqtirgan savollari bo‘yicha ekspertlardan atroflicha javob olishdi.

    Konferensiya yakunida mavzu doirasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Matbuot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech