Davlat statistika qo‘mitasi Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasininig 2020- yil 11- noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 710- sonli qarorining ijrosi bo`yicha tadbirlar o’tkazib kelinmoqda.
Xususan, Sanoat statistikasi boshqarmasi boshlig’i Sardor Jo‘rayev boshchiligida Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish boshqarmasi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish, bu jarayonda foydalanish uchun zarur bo‘ladigan kartografik materiallarning tayyorlanish holatini o‘rganish kabi masalalar yuzasidan tadbir tashkil qilindi.
Yig‘ilish davomida viloyatlardagi mavjud barcha shahar va tuman xaritalari hamda mahalla va qishloq aholi punktlarining chizma rejalarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, tayyorlanadigan xaritalarda mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlari va qishloq aholi punktlarining chegarasini aniq ko‘rsatish, ularning chizma rejalarini qog‘oz va elektron shaklda tayyorlash, ko‘cha nomlari, ko‘p qavatli uylar va hovlilar, turar, noturar joylar maxsus belgilar bilan ajratish kerakligi ta’kidlandi.
Tadbir so‘nggida viloyatlarda 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Matbuot xizmati