Bugun, 25- oktabr kuni Statistika agentligida mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi yuzasidan tizim xodimlari jumladan yosh mutaxassislar huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni agentlik direktorining matbuot kotibi, Axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Usmon Abdurasulov Rustamovich ochib berdi.
Agentlikning Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Talipova Normatovna mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar shuningdek, saylovda ayollarning huquqiy madaniyatini hamda xohish irodalarini ilgari surishi ularga mukammal shart-sharoitlar yaratishning muhim vositasi ekanligi haqida so‘z yuritdi.
Statistika agentligi Yuridik bo‘lim boshlig‘i Vahob To‘xtayev Oripovich so‘zga chiqib, saylovlarning tarixi ularning kelib chiqishi, turli xil mamlakatlarda turli xil siyosiy-huquqiy jarayonlarda shakllangan saylov tizimi, saylov huquqi va saylov tajribasi haqida tushuntirish berdi.
Tadbir davomida, xodimlarga O‘zbekiston Respublikasida saylov tizimi, saylash va saylanishning huquqiy asosi haqida ham tushuntirildi.
Ma’lumot uchun, bu safar bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi birinchi marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi. Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.