24/09/2024

Aholini roʻyxatga olish maʼlum bir sanada Oʻzbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, maʼlumot darajasi, uy-joy bilan taʼminlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil maʼlumot olishga yordam beradi.

Shuningdek, roʻyxatga olish – aholi jon boshiga makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq koʻrsatib beradi.

Natijalar hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash boʻyicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi boʻlib xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish 2025-2026-yillarga moʻljallanyapti. Bu haqda 2024-yil 4-mart kuni Prezident tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha yoʻl xaritasida Prezident huzuridagi Statistika agentligiga 2025−2026-yillarda aholini roʻyxatga olish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Yoʻl xaritasida 2024-yil davomida Statistika agentligiga aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish ishlarini davom ettirishi belgilab berildi.

Jumladan:

  • aholini roʻyxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlash;
  • 2021-yilda oʻtkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini roʻyxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtirish;
  • xalqaro tajriba va ekspertlar tavsiyalari asosida “Aholini roʻyxatga olish” axborot tizimini takomillashtirish;
  • “STATA” amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilish va unda roʻyxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirish;
  • aholini roʻyxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqish vazifalarini amalga oshirish belgilangan.

Aholini roʻyxatga olish esa 2025−2026-yillarda oʻtkazilishi, natijalar 2026−2027-yillarda tayyorlanishi va eʼlon qilinishi belgilangan.

2024-yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilinishi munosabati bilan aholi oʻrtasida aholini roʻyxatga olish tadbirini nechogʻlik muhimligi va uni oʻtkazishga yoshlar, fuqarolar hamda tadbirkorlarning oʻzlari ham qatnashish imkoniyatiga ega ekanligi toʻgʻrisida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, aholini roʻyxatga olishni xalqaro talablarga mos ravishda va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash hamda aholini roʻyxatga olishning tashkiliy rejasini toʻgʻri tuzilishi aholi punktlari xaritalarining aniqligiga va hududlarda aholi yashaydigan turar joylarning raqamlanganligiga bevosita bogʻliq. Shu maqsadda, bugungi kunda viloyatimiz hududida mahalla va kadastr organlari bilan hamkorlikda, 2011-yil 12-oktyabrdagi OʻRQ-303-sonli “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda, koʻchalarga berilgan nom belgilari hamda xonadonlarga berilgan raqam belgilarining oʻrnatilganligi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni joylarga chiqqan holda  monitoringgi statistika organlari xodimlari tomonidan doimiy yuritib borilmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, koʻchalar hamda xonadonlarning nomlari yoki raqam belgilarining mavjud emaslik holatlari aholini roʻyxatga olish jarayonlarida roʻyxatga oluvchi xodimlar uchun xonadonlarni toʻgʻri topib borishda qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Shuningdek, xonadonlarni toʻliq raqamlash tez yordam, yongʻinga qarshi kurashish, ichki ishlar va shu kabi aholiga xizmat koʻrsatuvchi organlar faoliyati uchun ham muhim hisoblanadi.

Shuningdek, aholini roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlar bazasi hajmining kattaligi sababli, uning natijalarini jadval koʻrinishida shakllantirishda STATA amaliy dasturiy paketidan foydalanilmoqda. Bugungi kunga qadar 100 dan ortiq chiquvchi jadvallar mazkur dastur yordamida tayyorlandi. Ushbu dastur asosan statistik tahlil qiluvchi dastur boʻlib, statistik koʻrsatkichlarni shakllantirishda qulay, tezkor va tahlillarni jadval, reyting va grafik koʻrinishda taqdim eta oladi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech