Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida joriy yilning 28- noyabr kuni Qarshi xalqaro universitetida Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasi tomonidan universitet talabalariga davra suhbati tashkil etildi.
Ushbu davra suhbatida Statistika boshqarmasi Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻlimi boshlig‘i X. Maxmadaliyev hamda mutaxassislari va institut professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida dastlab, viloyat Statistika boshqarmasi Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻlimi bosh mutaxassisi A. Qurbonov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 5- fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022- yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish Konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5655- sonli Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasining 2020- yil 16- martdagi OʻRQ-611-sonli “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisi”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- sonli Qarori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika Qoʻmitasi tomonidan chiqarilgan qaror va buyruqlarning mazmun-mohiyati hamda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarida targʻibot ishlarini olib borish ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek, davra suhbati davomida boshqarmaning bosh yuristkonsulti M. Sharipov soʻzga chiqib, aholini roʻyxatga olishning tashkiliy va metodik tamoyillari, dasturiy-texnik taʻminoti va maʻlumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlari, xorijiy davlatlar tajribalari va shu kunga qadar bajarilgan ishlar hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar toʻg‘risida batafsil ma’lumotlarni berib oʻtdi.
Davra suhbati qizgʻin bahs va munozaralarga boy boʻldi. Davra suhbati yakunida talabalarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
Matbuot xizmati