Polsha davlatining qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish boʻyicha tajribasini oʻrganish maqsadida, 2023-yilning 19–23-iyun kunlari Polshaning Varshava shahriga oʻquv-tanishuv safari tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) hamda Yevropa Ittifoqining qishloq xoʻjaligini qoʻllab quvvatlash dasturi (“ASK Facility”) xodimlari ishtirok etishdi.
Safar davomida Polshada qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning huquqiy asoslari, ishlab chiqilgan normativ va uslubiy hujjatlar, roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomasi, roʻyxatdan oʻtkazishga vaqtinchalik jalb etilgan xodimlarni tanlash va ularni oʻqitish jarayonlari, roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha olib borilgan axborot-tushuntirish ishlari, roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida foydalanilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, maʼlumotlarni yigʻish, ularni qayta ishlash boʻyicha dasturiy taʼminot, roʻyxatdan oʻtkazish natijalariga oid maʼlumotlarni shakllantirish va boshqa qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga doir masalalar toʻgʻrisida Polsha statistika idorasining masʼul xodimlari tomonidan maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, safar davomida Polsha qishloq xoʻjaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligiga tashrif amalga oshirildi. Vazirlik xodimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasiga oid shakllantiriladigan idoraviy maʼlumotlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.