18/10/2022

2020- yilning 1- iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan statistika tizimini rivojlantirish, sohada mutaxassis-kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan alohida vazifalar berilgan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan turli amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Joriy yilning 18- oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi va Toshkent Moliya Instituti o‘rtasida memorandum imzolash hamda “Statistika ilmiy-amaliy laboratoriyasi” ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

moliya1810_1moliya1810_2

Unda Davlat statistika qo‘mitasi rahbari va markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari, Toshkent Moliya Instituti rektori, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Tadbirni Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich va Toshkent Moliya Instituti rektori Teshabayev To‘lqin Zakirovich ochib berdi.

Uchrashuvda Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent Moliya Instituti bilan hamkorlikda tayyorlangan va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan memorandum imzolandi.

Tadbirda qo‘mita raisi mazkur “Statistika ilmiy-amaliy laboratoriyasi”ni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – statistika sohasida kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilganini alohida ta'kidlab o‘tdi. Talabalar uchun bu kabi ilmiy-amaliy imkoniyatlarni yaratib berish kelgusida statistika idoralari uchun salohiyatli kadrlarni yetishib chiqishi hamda mamlakatimiz taraqqiyotida munosib hissa qo‘shadigan ilmiy tadqiqotchi-olimlar safi kengayib borishiga zamin yaratadi.

moliya1810_3moliya1810_4

Shuningdek, tadbirda o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan “Statistika ilmiy-amaliy laboratoriyasi”ning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida statistik ko‘rsatkichlarning tutgan o‘rni hamda oliy ta'lim tizimida davlat tashkilotlarining o‘zaro integratsiyasini yanada kuchaytirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashishdi.

Mazkur laboratoriyani foydalanishga topshirishdan asosiy maqsad quyidagilar:

– ta'lim, fan va ishlab chiqarishning innovasion hamkorligini amalga oshirish asosida innovatsion-korporativ hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

– statistika sohasida malakali xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish;

– ilm-fan, fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari asosida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida ilm-fanning zamonaviy yutuqlarini joriy etish;

– tadqiqot va o‘quv-ilmiy markazlarni bosqichma-bosqich tashkil etish orqali akademik fan bilan oliy ta'lim va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta'minlash, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini amalga oshirish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish;

– yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni hamda oliy ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi innovasion hamkorlikni amalga oshirish;

– iqtisodiyotning rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yaratish hamda ularning natijalarini innovatsion asosda milliy iqtisodiy islohotlar amaliyotiga tatbiq etish;

– Davlat statistika qo‘mitasining kelgusi istiqboldagi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha dolzarb muammoli mavzular bankini yaratish va ushbu mavzular bo‘yicha hamkorlikda tadqiqot olib borish;

– dolzarb muammoli mavzular bo‘yicha ilmiy ishlar tayyorlash va nashr etish, seminar va konferensiyalar tashkil etish;

– TMI pedagog xodimlari, katta ilmiy xodim-izlanuvchilari, bakalavriat, magistratura bosqichi talabalarining DSQda stajirovkasini va malakaviy amaliyotlarini samarali tashkil etish;

– DSQning yetakchi xodimlarini o‘quv jarayoniga jalb etish kabilar shular jumlasidandir.

moliya1810_5moliya1810_6moliya1810_7

Uchrashuv so‘nggida Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent Moliya instituti o‘rtasidagi hamkorlikni kelgusida ham davom ettirish, statistika sohasida malakali kadrlar yetishtirishga zamin yaratish bo‘yicha kelishib olindi.

Matbuot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech