2022-yil 20-yanvar kuni soat 15:00 da Milliy matbuot markazida “Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi” mavzusiga doir matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbirda Davlat statistika qoʻmitasi rahbariyati, markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda milliy statistika sohasini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, statistika sohasida ilgʻor AKTni joriy etish, statistik jarayonlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlat statistika qoʻmitasi mutaxassislari tomonidan statistik hisobotlarni Internet orqali onlayn qabul qilishning eStat 4.0 avtomatlashgan axborot tizimi yaratildi va 2021-yil mart oyidan boshlab, 120 turdagi statistik hisobotlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyildi.
Tanlanma statistik kuzatuvlarni planshetlar yordamida oʻtkazishni amaliyotga joriy etish maqsadida:
- “Narxlar tanlanma statistik kuzatuvlari” axborot tizimi;
- “Aholiga xizmat koʻrsatuvchi jismoniy shaxslarni tanlanma statistik kuzatuvlari” axborot tizimi;
- “Shaxsiy avtotransport egalari tashish faoliyatini tanlanma statistik kuzatuvlari” axborot tizimi;
- “Ishlab chiqaruvchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning tanlanma statistik kuzatuvlari” axborot tizimi;
- “Dehqon xoʻjaligi faoliyatini tanlanma statistik kuzatuvlari” axborot tizimi;
- “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotuvchi jismoniy shaxslar tanlanma statistik kuzatuvlari” axborot tizimlari yaratilib, respublikaning barcha hududlarida ishga tushirildi. Shuningdek, mazkur tizimlar oʻrnatilgan tartibda Intellektual mulk agentligidan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Loyihalarni amalga oshirish natijasida maʼlumotlarni qayta ishlash va yigʻish uchun sarflanadigan vaqt 10 barobarga va maʼlumotlar xavfsizligini saqlash hamda transport xarajatlari uchun ketadigan xarajatlar qisqartirildi.
Statistik maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasining idoraviy va tematik veb-saytlari takomillashtirildi. Jumladan:
- respublika miqyosida toʻplangan barcha statistik va tahliliy maʼlumotlarni zamonaviy veb-texnologiyalardan foydalangan holda, foydalanuvchilarga qulay shaklda taqdim etish maqsadida, qoʻmita rasmiy veb-saytining(stat.uz) yangi koʻrinishi ishlab chiqildi va ishga tushirildi;
- YUNFPA bilan hamkorlikda aholini roʻxatga olish tadbirlarini yoritib borish boʻyicha aholi.stat.uz veb-sayti yaratildi va ishga tushirildi;
- BMTning Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan minimal gender koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan gender.stat.uz veb-sayti ishlab chiqildi va ishga tushirildi;
- Milliy Barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) bajarilishini monitoring qilish maqsadida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi koʻmagida Milliy BRM nsdg.stat.uz veb-sayti ishlab chiqildi va ishga tushirildi;
- Davlat statistika qoʻmitasining uslubiy nizomlari va yoʻriqnomalarining tizimlashtirilgan roʻyxati, statistik kuzatuvlar oʻtkazish va tashkillashtirish tartiblari bilan tanishish imkonini beruvchi uslubiy materiallar lib.stat.uz veb-sayti ishga tushirildi.
Mazkur ishlar natijasida statistik maʼlumotlarni vizuallashgan koʻrinishda foydalanuvchilarga taqdim etish hamda respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy holat boʻyicha 10 turdagi muhim koʻrsatkichlarni onlayn yangilab borish va eʼlon qilish, statistik va tahliliy maʼlumotlarni izlash vaqtini tejash imkoniyati yaratildi, soʻrovlarga asosan maʼlumotlarni taqdim etishga sarflanadigan vaqt 2 barobarga qisqartirildi.
Joriy qilingan elektron interaktiv xizmatlar:
- foydalanuvchilar tomonidan korxona va tashkilotlar davlat registri maʼlumotlarini AKT texnologiyalariga asoslangan holda, qulay tarzda olish boʻyicha interaktiv xizmat joriy etildi;
- statistik hisobot shakllarini toʻldirish hamda statistik shakllar toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish boʻyicha interaktiv maslahatlarni joriy etgan holda tadbirkorlar shaxsiy kabineti ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi;
- statistik nashrlarga elektron buyurtma berish va onlayn sotib olish interaktiv xizmati ishga tushirildi;
- foydalanuvchilarga istalgan davr uchun umumiy isteʼmol narxlari indeksi oʻzgarish darajalarini hisoblash imkonini beruvchi elektron interaktiv xizmat ishga tushirildi.
Shuningdek, korxona va tashkilotlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot (korxonaning nomi, STIR, KTUT, IFUT va boshqalar), taqdim etilishi zarur boʻlgan statistik hisobotlar roʻyxati va taqdim etilgan statistik hisobotlar holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish imkoni yaratildi hamda statistik nashrlarga buyurtma beruvchilar tomonidan shartnoma qilish uchun sarflanadigan vaqt 1 soatdan 1 daqiqaga qisqartirildi va transport hamda qogʻoz sarfi xarajatlari 2 barobarga tejab qolindi.
Natijada, davlat statistika hisobotlarini topshiruvchilar, statistika maʼlumotlaridan keng foydalanuvchilar uchun bunday imkoniyatlarning yaratilishi qoʻmita faoliyatini bir qator reyting va indekslarda yuqori pogʻonalarni egallashiga sabab boʻlmoqda. Qayd etish joizki, Londondagi Ochiq maʼlumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy veb-sayti (stat.uz) eng yuqori daraja – “Platina” (PLATINUM)ga erishgan. Shuningdek, mamlakatlar statistika idoralarining faoliyatini xalqaro darajada baholash boʻyicha muhim retingda, yaʼni Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da ham mamlakatimiz koʻrsatkichlari oʻsib bormoqda. 2020-yil yakuni boʻyicha mamlakatimiz Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da maksimal 100 balldan 67,8 ballni qoʻlga kiritib, reytingda 61 oʻrinni egallamoqda. Natijada, reytingda 2016-yil hisobotiga nisbatan 62 pogʻonaga, 2019-yil hisobotiga nisbatan esa 16 pogʻonaga koʻtarilishga erishildi.
Matbuot anjumanida qo‘mita mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.
Matbuot xizmati