22/12/2021

     Qarshi shahar statistika bo‘limi xodimlari tomonidan shahar kadastr bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- sonli “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori mazmun-mohiyatini yoritish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

     Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan buyog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.

     Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular masʼul bo‘ladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real bo‘lishi shart.

     Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin.

     Yoshi va kasbidan qatʼiy nazar, aholini ro‘yxatga oluvchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi.

     Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Matbuot xizmati 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech