05/10/2021

     Joriy yilning 5- oktabr kuni videokonferensaloqa tarzida Islom hamkorlik tashkiloti statistika qo‘mitasi (SESRIC)ning 10- sessiyasi o‘z faoliyatini boshladi.

     Ma'lumot uchun: SESRIC – Islom mamlakatlari uchun statistik, iqtisodiy, ijtimoiy va kadrlar tayyorlash markazi bo'lib, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) statistika komissiyasining byurosi va Ijroiya organi hisoblanadi.

     Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi qo‘mita jamoasi ham qatnashmoqda.

     Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda rasmiy statistikani rivojlantirish, ma’lumotlarni xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarish, tarqatish va tahlil qilish maqsadida milliy statistika idoralari salohiyatini mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdan iborat.

    5- oktabrdan 7- oktabrgacha bo‘lib o‘tadigan mazkur sessiyada Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Tinch okeani mamlakatlari delegatlarining ma'ruzalari tinglanadi va bildirilgan tashabbuslar ko‘rib chiqiladi.

     Jumladan, sessiyasi doirasida quyidagi masalalar kun tartibidan o‘rin olgan:

    ✓ Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha monitoring va hisobot masalalarini ko‘rib chiqish;

    ✓ Aholini ro‘yxatga olish tabrilarini samarali o‘tkazish;

    ✓ milliy statistika tizimlari salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi yondashuvlarni muhokama qilish.

 Sessiya ishi davom etmoqda.

 

Matbuot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech