02/07/2021

Davlat  gerbi  O‘zbekiston  Respublikasining  1992-  yil  2-  iyuldagi  616­ XII ­sonli  «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yilgan. O‘zbekiston  Respublikasi  Davlat  gerbining rangli  ko‘rinishida: Humo  qushi  va  daryolar —  kumush  rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda;  chanoqlardagi  paxta  —  oq  rangda;  lenta  —  O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini  aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.

Matbuot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech