Shu kunlarda yurtimizning har bir goʻshasida katta bayram. Ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganiga 35 yil toʻldi.
Hurmatli yurtdoshlar, barchangizni qutlugʻ ayyom "21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni" bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Til – insoniyatga inʼom etilgan buyuk neʼmat! U xalq tarixi, ruhiyati, oʻzligini ifodalaydi. Binobarin, betakror madaniy-maʼrifiy boyliklar, asriy qadriyatlar shu tushunchaga payvandlanadi.
Yer yuzida tillar koʻp, lekin har bir xalq uchun oʻz tili aziz va muqaddas. Shu maʼnoda oʻzbek tili ham – milliy mustaqilligimiz timsoli, jamiyat koʻzgusi va davlat ramzi sanaladi.
Oʻzbek tili xalqimizning shu kungacha qoʻlga kiritgan yutuqlaridan eng zalvorlilari qatorida desak, hech shubhasiz, milliy tilimizni eʼtirof etgan boʻlamiz.
Yana bir bor Oʻzbek tili bayrami qutlugʻ boʻlsin! Milliy tilimiz mangu va bezavol yashasin!
Bahodir Begalov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Statistika agentligi direktori