07/08/2023

Faqat taxminlarga tayanib ish koʻrgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgoʻylik maʼlum jabhalardagina zarur. Aniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish oʻrinsiz. Ayniqsa, hozirgi tez oʻzgarib borayotgan zamonda!

Bugun biz soʻz yuritmoqchi boʻlgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Yaʼni aholini roʻyxatga olish haqida.

Xoʻsh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda juda koʻp gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi roʻyxatga olinmaganmidi?

Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-oʻchar qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo goʻsht, falon litr yogʻ, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-neʼmatlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon aʼzolari yoshi, xohishi va taʼbidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yogʻsizroq, kimgadir sergoʻshtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yoʻl tutasiz. Oʻgʻlingiz yo qizingizni biror toʻgarakka bermoqchisiz? Bu oʻrinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!

 Endi savol tugʻiladi: qanday qilib bu borada toʻgʻri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila aʼzolaringizning har biri haqida aniq va toʻliq maʼlumotlar bazasi bor! 

Aholini roʻyxatga olish bilan bogʻliq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpogʻistonda xonadonlar issiq boʻlishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna koʻmir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Fargʻonada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tugʻuruq yoshidagi ayol bor va mavjud tugʻruqxonalardagi oʻrinlar soni ana shu koʻrsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq oʻchmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Andijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...

 Koʻryapsizmi, aholini roʻyxatga olish, yaʼni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!

Biroq yuzaki va taxminiy koʻrsatkichlar bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi maʼlumotlarning aniq va ishonchliligiga bogʻliq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti oʻlchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay sakkiz demang!

Tugmani bosing Tinglash GSpeech