02/05/2023

Odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi 3-ming yillikdan boshlangan. Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan. Ilk o‘rta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xo‘jaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uyg‘unlashgan. Ularda odamlar yoki oilalar emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Finlyandiyada XVI asrning o‘zidanoq aholi soni ro‘yxatini olib borishni boshlashgan. Davlatning maqsadi birinchi o‘rinda soliqqa tortish va harbiy xizmatga chaqirish bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘sha davrda Shvetsiya, o‘zining sharqiy qismi bo‘lgan Finlyandiyani qo‘shganda ham aholisi kam, kambag‘al davlat edi. Shu sababli ham yirik yirik ma’muriy aparat va armiyani saqlab turish uchun harbiy xizmatga majbur bo‘lgan va soliqqa tortiladigan aholi va uning mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish lozim edi. Aholini ro‘yxatida joylashgan va butun Finlyandiyani o‘z ichiga olgan axborot tarkibi o‘zining keng qamrovli ekanligi bilan ajralib turadi. Axborot bazasi mamlakatning har bir fuqarosi haqidagi aniq va e’tiborga loyiq ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Fuqaro to‘g‘risidagi eng muhim ma’lumot uning ismi va familiyasi, tug‘ilgan joyi va sanasi, hamda fuqaroligidir. Shuningdek, fuqaroning oilaviy ahvoli (turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasi) va yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumot ham muhimdir. XVIII asr o‘rtalaridan aholini o‘rganishga qiziqish ortadi. Avstriya, Gollandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, Amerikada odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan. Aholini universal ro‘yxatga olish 1665 yilda Yangi Frantsiya (Kvebek) koloniyasida bo‘lib o‘tdi. AQShda 1790 yilda to‘liq aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borildi. O‘shanda o‘n yetti nafar politsiya xodimi mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob to‘plashdi: uy egasining to‘liq nomi, o‘n olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar soni, o‘n olti yoshdan kichik bo‘lgan ozod oq tanli erkaklar soni, ozod oq tanli ayollar soni, boshqa ozod shaxslar soni, qullar soni. O‘ttiz yil o‘tgach, Italiya, Ispaniya, Angliya, Irlandiya, Avstriya, Frantsiyada ro‘yxatga olish vaqti keldi. 1851 yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada (1871) va nihoyat Rossiyada aholi ro‘yxatga olindi. Zamonaviy bosqich XX asrning o‘rtalaridan boshlandi. Bir qator Osiyo mamlakatlarida, shuningdek, Afrikada aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. Bu yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq edi. O‘tgan asrning 70-yillarda Yaman, BAA, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda birinchi marotaba aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. XX asrning oxiriga kelib, aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi. Aholini ro‘yxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qat’iy nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni (2021- yil 1- yanvar holatiga respublika aholisi 34 558,9 ming kishi tashkil etgan), fuqaroligi, nikoh holati ya’ni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning ta’lim darajasi (o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xo‘jalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech