Bugun, 9- oktabr kuni Polshaning Varshava shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YIK) tomonidan tashkil etilgan Yevropa statistiklari konferensiyasi (YSK) byurosining yigʻilishi boshlandi.
Mazkur yigʻilishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi Statistika boʻlimi, Buyuk Britaniya Miliy Statistika idorasi, Kanada Statistika idorasi, Polsha Statistika idorasi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Byuro yig‘ilishida Oʻzbekistondan Statistika agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etishmoqda.
Ma’lumot uchun: BMT YIK Yevropa statistiklari konferensiyasi (YSK) muhimligi bo‘yicha rasmiy statistika uchun jahon forumi – BMT Statistika komissiyasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Uning aʼzolari BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining barcha 56 ta mamlakatlari milliy statistika idoralarining rahbarlari hisoblanadi. YSK faoliyatini BMT YIKga aʼzo mamlakatlardan 9 kishidan iborat byuro boshqaradi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 14- fevral kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan tashkil etilgan Yevropa Statistiklari konferensiyasi byurosining yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovichning Yevropa statistiklari konferensiyasi byurosi aʼzoligiga qabul qilinganligi rasman eʼlon qilingan edi.
9–10- oktabr kunlari boʻlib oʻtadigan Yevropa statistiklari konferensiyasi byurosining yigʻilishida quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
- statistikaning alohida yoʻnalishlarini, yaʼni maʼlumotlar dolzarbligi, iqlim, atrof-muhit va energetika statistikasi boʻyicha maʼmuriy mikromaʼlumotlarni boshqarish;
- BMT YIK Statistika ishlari dasturi, aholini roʻyxatga olish va migratsiya statistikasi, gender, bolalar boʻyicha va ekologiya statistikasi, statistika maʼlumotlari manbalarini oʻzaro bogʻlash;
- rasmiy statistikani rivojlantirish istiqbollari va byuro ishining rejalarini aniqlab olish kabi masalalar kiritilgan.
Mazkur nufuzli tadbir Yevropa statistiklari konferensiyasi byurosi a’zolarining majlisi hisoblanib, unda Yevropa statistiklari konferensiyasi faoliyati boʻyicha muhim qarorlar qabul qilinadi. Uning ish rejalari, amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusidagi rejalari muhokama qilinadi.
Tadbirning birinchi kunida Statistika agentligi delegatsiyasi BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining Statistika boʻlimi rahbari Tiina Luige bilan uchrashdi. Tomonlar Oʻzbekistonda 2024- yilning iyun oyida BMT YIK, Yevrostat va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan “Oʻzbekiston milliy statistika tizimini global baholash” natijalarini eʼlon qilish masalalarini muhokama qilishdi.
Yigʻilish davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi Statistika boʻlimi, Buyuk Britaniya Milliy Statistika idorasi, Kanada Statistika idorasi, Polsha Statistika idorasi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar amalga oshirildi va statistika sohasida yaqindan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa Statistiklari Konferensiyasi (YSK) byurosi oʻz ishini davom ettirmoqda.
Axborot xizmati