Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi. Yana bir muhim vazifalardan biri bu – shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalarini va ma'muriy tumanlar xaritalarini tayyorlash hamda aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish hisoblanadi. Bunda mahalla, qishloq va ovullarning chegaralari, ko‘chalarda nom belgilarining o‘rnatilganligi, turar va noturar joylarning aniq soni hamda uylarning raqamlanganligi aniqlashtirib olinadi. Tayyorgarlik bosqichida aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olish varaqalari, ro'yxatga olishni tashkil etish va o'tkazish, uning natijalarini olish va e‘lon qilish metodologiyasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, ro'yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki ma'lumotlarning to'g'riligiga bevosita ayni ular mas‘ul bo'ladi va shakllantirilgan ma'lumotlar real bo‘lishi shart. Bu jarayonga har xil yoshda va kasbda bo'lgan shaxslar jalb etilishi mumkin. Birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning hududiy organlari xodimlari, oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari va yuqori bosqich talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablari o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular mazkur jarayonda ishtirok etishga rozi bo'lgan taqdirda, jalb qilinishi mumkin.
Aholini ro'yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro'yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o'tab bo'lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob'ektlarni qurish va ta'mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi. Maqsad aniq, rejalar qat'iy. Amaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan. Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazish Kontseptsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Kontseptsiya asosida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasining “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan so'ng 2020 yil 16 mart kuni qabul qilindi. Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo'lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro'yxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan. Asosiy printsiplardan biri sifatida davriylik printsipi, ya'ni aholini ro'yxatga olish o'n yilda kamida bir marta o'tkazilishi hamda aholini ro'yxatga olishni o'tkazish to'g'risidagi qaror, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo'yilgan. Yana bir muhim printsiplardan biri, bu shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi bo'lib, bunda aholini ro'yxatga olish jarayonida yig'ilgan shaxsga doir ma'lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatil-masligi qat'iy belgilab qo'yilgan. Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya'ni respondentlar – aholini ro'yxatga olish sanasida O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro'yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o'tilgan. Shuningdek, Qonunda, aholini ro'yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro'yxatga olishni o'tkazishga ko'maklashish bo'yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro'yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro'yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro'yxatga olishni o'tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta'minlash asoslari belgilab berilgan. Ayni paytda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi tomonidan “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini ro'yxatga olishning ahamiyatini tushuntirish bo'yicha axborot-targ'ibot ishlari ham izchil davom ettirilyapti. Shuningdek, aholini ro'yxatga olish jarayoni bilan bog'liq bo'lgan normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Dunyodagi har bir mamlakat, o'zining aholisi va uning yashash holati bo'yicha ishonchli ma'lumotga ega bo'lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro'yxatga oladi. Ko'pchilik mamlakatlarda aholini ro'yxatga olish har besh yoki o'n yilda amalga oshiriladi. Hozir jahonning ko'plab rivojlangan davlatlarida aholi o'rtacha har o'n yilda kamida bir marta ro'yxatdan o'tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxatga olish 1897- yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu tadbir ma’lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda demografik jarayonlar haqida tasavvur hosil qilishga yordam bergan. Shundan so'ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980- yillarda aholi ro'yxatga olingan. Ushbu tadbir so'nggi bor 1989- yilda o'tkazilib, o'sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan. Aholining joriy hisobi bo'yicha mavjud ma'lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma'lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o'ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti. Mamlakatimizda 1989- yildan keyin hali biror marta ham aholini ro'yxatga olish ishlari bajarilmadi. Bu masalani roppa-rosa 30 yil ortga surib keldik. Shu tufayli demografik muammolarimiz qalashib ketdi. Odamlarning haqiqiy hayot tarzini o'rganish va ularga amaliy yordam ko'rsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi. Nihoyat BMT 2015- yilning 10- iyunida “2020- yilda aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko'ra, BMTga a'zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olishni o'tkazishi belgilab qo'yildi. Hozir Hamdo'stlik davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan. Xususan, O'zbekistonda ham!