Text to speech   Click to listen highlighted text! Text to speech Powered By GSpeech

Qashqadaryo viloyat statistika boshqarmasida “Call centre” tashkil etilgan. Murojaat uchun telefon: (+998 75) 221-16-42.

Text to speech   Click to listen highlighted text! Text to speech Powered By GSpeech
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech

QASHQADARYO VILOYAT TARIXI

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH

TADBIRKORLAR UCHUN

“Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining qisqacha mazmuni.

1. Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan Oʻzbekistonda “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) moliyalashtirish uchun:

30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln dollar miqdorida qarz;

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi koʻlamini kengaytirish dasturining 100 mln dollar miqdoridagi krediti;

 

Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 5 yillik imtiyozli davr bilan 219 mln dollar miqdoridagi imtiyozli krediti ajratilmoqda.

 

Moliya vazirligiga ajratiladigan mablagʻlarni qayta kreditlash bitimlarini imzolash, zarur hollarda, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilmoqda.

 

Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash, boshqarish va hisobotini yuritish yuklatilmoqda.

 

Shu bilan birga, Bosh vazir oʻrinbosari Oʻ. Barnoyev rahbarligida (J. Xodjayev – oʻrinbosar) Ishchi guruhi tasdiqlanib, unga Loyiha ijrosini muvofiqlashtirish, jalb qilinayotgan 500 mln dollar mablagʻ doirasidagi har bir loyihani asosliligi va maqsadga muvofiqligini oʻrganish yuklatilmoqda.

2. Loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida mahsulot yetishtirish;

eksportni ragʻbatlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qoʻshilgan qiymatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish;

qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;

yer va suv resurslari, oʻrmon fondidan oqilona foydalanish;

sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat koʻrsatish servisini takomillashtirish;

qishloq xoʻjaligida ilmiy-tadqiqot, taʼlim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish;

 

qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, statistik maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish.

 

Hisob palatasiga Loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi, sarflanishi va natijadorligi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish yuklatilmoqda.

3. Qaror bilan quyidagilar:

“Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasining texnik-iqtisodiy asosi hamda uning asosiy koʻrsatkichlari;

 

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablagʻlaridan foydalanish sxemasi;

 

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi imtiyozli kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali;

2021-2025-yillarda meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmlarining prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlanmoqda.

4. Mazkur qarorni qabul qilinishi natijasida:

Respublikadagi 80 foiz fermerlarning oʻzaro kelishuv asosida kooperatsiyalarga birlashuvi taʼminlanadi.

12 mingta fermerlar tomonidan zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi.

10 ming gektar yer maydonlarining agrotexnologik xaritalari yangilanadi, elita va super elita urugʻ va koʻchatlar ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshiriladi.

 

Meva-sabzavotlarning jami ekin maydonlaridagi ulushi 20 foizdan (776 ming ga) 30 foizga (1 mln ga) oshadi.

 

Respublikada 2 850 ga koʻrgazmali zamonaviy intensiv bogʻlar, 27 ta meva-sabzavotchilik kooperatsiyalari tashkil etiladi.

Loyiha doirasida koʻrsatiladigan xizmatlar orqali isteʼmolchilarning 75 foizi qamrab olinadi.

15 000 ta yangi ish oʻrinlari (ayollar uchun 2 250 ta) yaratiladi.

 

Respublika va barcha viloyatlarda “yagona darcha tamoyili” asosida davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etiladigan Agroxizmatlar markazlari (sohadagi barcha vazirlik va idoralarning hududiy boʻlimlari vakillaridan iborat) faoliyati yoʻlga qoʻyiladi hamda 500 dan ortiq xizmatlar koʻrsatiladi.

 

Bunda 40 dan ortiq yangi turdagi innovatsion, jumladan geoaxborot tizimlari, dron xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi, xalqaro standartlar, “Organic”, “Global G.A.P” va “Halol” sertifikatlari joriy etiladi.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 8 ta, Andijonda 4 ta, Buxoroda 3 ta, Jizzaxda 2 ta, Qashqadaryoda 3 ta, 
Namanganda 5 ta, Navoiyda 3 ta, Samarqandda 5 ta, Sirdaryoda 4 ta, Surxondaryoda 3 ta, Toshkent viloyatida 3 ta, 
Fargʻonada 3 ta, Xorazmda ta Elita urugʻchilik xoʻjaliklari urugʻlarni saralash, kalibrovka qilish, dorilash,
qadoqlash texnikalari bilan toʻliq jihozlanadi va urugʻlarni saqlash boʻyicha zamonaviy omborxonaga ega boʻladi.

 

 Natijada ishlab chiqarish xarajatlari 30-40 foizga kamayadi, har bir ekin turi navlarining avlodi boʻyicha sifatli urugʻlarni yetishtirish miqdori 50 foizga, ularning hosildorligi 100 foizga oshadi;

 

Buxoroda 500 ga, Andijonda 300 ga, Jizzaxda 250 ga, Qashqadaryoda 200 ga, Namanganda 300 ga, Samarqandda 300 ga, Surxondaryoda 200 ga, Toshkent viloyatida 500 ga, Fargʻonada 300 ga, maydonda yangi usuldagi zamonaviy intensiv bogʻlar yaratiladi.

Buxoroda 200 ming tonna, Xorazmda 200 ming tonna boʻlgan agrologistika komplekslari barpo etiladi.

Respublika Ishchi guruhi (Qishloq xoʻjaligi vaziri Xodjayev boshchiligida) tomonidan hududiy ishchi guruhlari uchun Toshkent davlat agrar universitetida yetti kunlik seminar tashkil etilib, Unda har bir viloyat kesimida qilinadigan ishlarning mazmuni va ishni tashkil etish mexanizmi tushuntirib beriladi.

 
O'zA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining  q a r o r i

Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, ushbu yoʻnalishda boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish, uning eksport salohiyatini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasining qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning klaster modeli joriy etildi, natijada oxirgi yillarda paxta ekin maydonlarining 125 ming gektari yoki 12 foizida kooperatsiyalar, 908 ming gektari yoki 88 foizida klasterlar faoliyat yuritmoqda.

Qishloq xoʻjaligida qulay agrobiznes muhitini va yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini tubdan isloh qilish, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, sohaga jahon tajribasi asosida qishloq xoʻjaligida bilim, innovatsiyalar va agroxizmatlar tizimini keng joriy etish, shuningdek, sohada xizmat turlarini takomillashtirish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va Jahon banki bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) 2020-yil 20-martda Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) moliyalashtirish uchun 30 yil muddatga:

10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi;

10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 million AQSH dollari miqdoridagi krediti ajratilishi;

5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli krediti ajratilishi maʼqullanganligi;

b) Loyihaning umumiy qiymati 659,3 million AQSH dollariga teng ekanligi, ulardan Oʻzbekiston Respublikasining ulushi – 159,3 million AQSH dollarini, shu jumladan:

soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklidagi ulush – 124,3 million AQSH dollarini;

Loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi esa 35 million AQSH dollari ekvivalentini tashkil etishi;

v) Loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2020-2026-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

qishloq xoʻjaligida ilmiy-tadqiqot, taʼlim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish;

qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, statistik maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish;

oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda “Daladan isteʼmolgacha” tamoyili asosida sifat nazoratini kuchaytirish, agrologistika, yoʻl va boshqa zarur infratuzilmani yaratish;

eksportni ragʻbatlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qoʻshilgan qiymatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish;

qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;

yer va suv resurslari, oʻrmon fondidan oqilona foydalanish;

sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat koʻrsatish servisini takomillashtirish.

3. Quyidagilar:

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasining texnik-iqtisodiy asosi hamda uning asosiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablagʻlaridan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2a-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali 3a-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi imtiyozli kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali 3b-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida 2021-2025 yillarda meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmlarining prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida amalga oshiriladi;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini hamda natijadorligini taʼminlaydi;

Jahon bankidan olingan mablagʻlar Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda tijorat banklariga berilgan resurslarning qaytishi hisobidan qaytariladi;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Loyihani oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish, uni boshqarish, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobotni yuritish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

kredit liniyasini boshqarish, Jahon bankining mablagʻlari oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklariga yuklatiladi.

5. “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruhi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ishchi guruhi (Barnoyev, Xodjayev)ga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

Loyihaning oʻz vaqtida, toʻliq va samarali ijrosini tashkil etish hamda muvofiqlashtirish;

Loyiha doirasida qilinadigan xarajatlarning maqbul yechimlarini va tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni asosliligi, natijadorligi hamda maqsadga muvofiqligi asosida tanlab olish;

Loyiha doirasida ajratilib, iqtisod qilingan mablagʻlarni moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Jahon banki bilan kelishilgan holda oʻrnatilgan tartibda qayta taqsimlash;

zarur hollarda, qaror ilovalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish. Bunda Qishloq xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boshqarmasi Ishchi guruhining ishchi organi hisoblanadi.

6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, qonunchilikka muvofiq xalqaro moliyaviy institutlarning qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida:

agarda ushbu loyihalar xalqaro va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari tomonidan 2020-yil 1-iyulga qadar maʼqullangan boʻlsa, yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi solinmaydi;

ushbu qarz mablagʻlari hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona boji toʻlashdan ozod etiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmagan yuridik shaxslar foyda soligʻi toʻlashdan 2021-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatga ozod etilgan;

ushbu imtiyozlar natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha doirasida beriladigan qarzni moliyalashning muddatlari va shartlari (valyuta xatarini hisobga olgan holda), subloyihalarni tanlash va ularni baholash mezonlarini belgilagan holda, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni (keyingi oʻrinlarda – Nizom) ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.Umurzoqov) hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qarz bitimi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Moliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari, boshqa vazirlik va idoralar bilan Jahon banki tomonidan ajratiladigan mablagʻlarni qayta kreditlash bitimlarini imzolash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin. Bunda, qayta kreditlash bitimlarining shartlari Nizomga asosan belgilansin.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi Loyiha asosida Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

Loyiha doirasidagi tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish, natijadorligini taʼminlash, jalb etilayotgan mablagʻlarni oʻzlashtirish jarayonida oshkoralikni taʼminlash hamda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrilishini;

Loyiha doirasida meva-sabzavotchilik kooperatsiyalariga yer maydonlarini belgilangan tartibda, shu jumladan, hududlarda barpo qilinadigan yirik agrologistika komplekslari uchun belgilangan yer maydonlarini qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari uchun kompensatsiya undirmasdan tekin foydalanish huquqi asosida ajratilishini;

ajratilgan yer uchastkalaridagi yerdan foydalanuvchilar kompensatsiyalari (fermer xoʻjaliklari tomonidan koʻrilgan zararlar, kesilgan daraxtlar, fuqarolarni koʻchirish va fuqarolarga koʻrsatilgan barcha zararlar) va agrologistika komplekslarini muhandislik, yoʻl hamda transport infratuzilmalariga ulanishini taʼminlash va boshqa xarajatlar mahalliy byudjet mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishini taʼminlasin.

11. Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi chet ellik mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

12. Ichki ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyiha doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga koʻp martalik vizalarni rasmiylashtirish, berish va muddatini uzaytirishni, shuningdek, vaqtinchalik yashash joyiga roʻyxatga olish va muddatini uzaytirishni davlat boji undirmasdan taʼminlasin.

13. Qishloq xoʻjaligi vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, Jahon banki hamda milliy qonunchilik talablariga muvofiq zarur hisobotlar va hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishi hamda taqdim etilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

14. Hisob palatasi Loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

15. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:

Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflikni taʼminlash boʻyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqsin va joriy qilsin;

Loyihani amalga oshirishda ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

16. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

a) Ishchi guruhi (Barnoyev, Xodjayev):

bir hafta muddatda oʻzining birinchi majlisini oʻtkazib, Loyiha doirasidagi masʼul ijrochilarning aniq vazifalarini belgilab bersin;

ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari takliflari asosida ishlab chiqilgan Loyiha doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hududlar kesimida “Yoʻl xarita”larini tasdiqlasin;

b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev):

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev), Moliya vazirligi (Ergashev), Markaziy bank (Xolxoʻjayev) bilan birgalikda bir oy muddatda Loyihani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idora xodimlari uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ikki haftalik seminar tashkil qilsin;

Loyihani amalga oshirish doirasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb etish choralarini koʻrsin;

Moliya vazirligi (Ergashev) bilan birgalikda moliyalashtirilgan subloyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning sifatli amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin;

v) Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzoqov qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport hajmlarini oshirish maqsadida Loyiha doirasida eksportyor korxonalarni jalb qilish choralarini koʻrsin;

g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir oy muddatda Loyiha doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan tashabbuskorlar ishtirokida taqdimotlar oʻtkazilsin;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Xodjayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya va “Dunyo” axborot agentligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda qarorda belgilangan chora-tadbirlarni aholi orasida keng yoritish choralarini koʻrsin.

17. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

Ushbu qaror natijadorligi toʻgʻrisida 2020-yil 1-dekabrda va 2021-yilning har choragi yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

          Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti    Sh.MIRZIYOYEV

O'zA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda statistika maʼlumotlarining sifati va ishonchliligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, boʻlib oʻtayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni, jumladan, xalqaro tashkilotlarning maxsus nashrlari va maʼlumotlar bazalarida xolis va ishonchli aks ettirishni taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, statistika maʼlumotlari sifatini yana-da yaxshilash, statistika koʻrsatkichlarining toʻlaqonli maʼlumot bazalarini yaratish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik sohalarda statistikaning zamonaviy usullarini joriy etish zarurati mavjud.

Milliy statistika tizimini takomillashtirish, davlat statistika organlarining mustaqilligini taʼminlash, statistika maʼlumotlarining xolisligi va ishonchliligini oshirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini takomillashtirishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilansin:

statistika organlarini talab yuqori boʻlgan, sifatli va ishonchli maʼlumotlarni shakllantirishga, statistika maʼlumotlarining shaffofligi va oshkoraligini oshirishga qaratilgan professional mustaqil xizmatga aylantirish;

statistika sohasida yagona siyosatni amalga oshirishga qaratilgan vakolat va majburiyatlarni mustahkamlash orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashining toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;

ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda statistika axborotlarini yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish, nashr etish va saqlash boʻyicha yaxlit tizimni tashkil etish;

rasmiy statistikani ishlab chiqarish, tarqatish va muvofiqlashtirish maqsadida mamlakatning butun milliy statistika tizimi doirasida qoʻllaniladigan uslubiy asoslar va boshqaruv tamoyillarini takomillashtirish;

idoraviy maʼlumotlar bazalarini yagona maʼlumotlarni boshqarish tizimiga integratsiya qilish orqali kuzatuvlarni bosqichma-bosqich optimallashtirish va respondentlardan hisobot topshirish yukini kamaytirish, shuningdek, roʻyxatga olish ishlarini oʻtkazish va yalpi statistika hisobotlarini tanlanma kuzatuvlar bilan almashtirish hisobiga statistikani shakllantirish tizimini takomillashtirish;

statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar bilan samarali hamkorlik siyosatini yoʻlga qoʻyish va mavjud statistika maʼlumotlari toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish orqali foydalanuvchilarning statistika axborotlariga boʻlgan ishonchini oshirish;

davlat statistika organlari faoliyatini moddiy-texnik qoʻllab-quvvatlashni yana-da yaxshilash, xodimlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining samarali joriy etilishi hisobiga hududiy statistika organlari tuzilmalari va ularning vazifalarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish;

davlat statistika organlari xodimlarining kasbiy darajasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish hamda kelgusida amaliyotda qoʻllash uchun ilgʻor statistika usullari va texnologiyalari, shu jumladan, ochiq maʼlumotlar sohasida innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Davlat statistika qoʻmitasi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bogʻliq oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi;

statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, shu jumladan, rasmiy statistika hisobotlari va kuzatuvlarini oʻtkazish hamda ularni nashr qilish va eʼlon qilish jarayonlariga har qanday aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi;

Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan shakllantiriladigan statistika maʼlumotlari rasmiy statistika axboroti sifatida eʼlon qilinadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy boshqarmalar), shuningdek, tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildirlar va bevosita Davlat statistika qoʻmitasiga boʻysunadi;

hududiy boshqarmalar boshliqlari Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan, tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari boshliqlari hududiy boshqarmalar boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

3. Davlat statistika qoʻmitasiga quyidagi huquqlar berilsin:

boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan oʻtkazish va audit natijalariga koʻra, vazirlik va idoralarga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;

kuzatuvlarni oʻtkazish, rasmiy statistika materiallarini shakllantirish va tahlillarni amalga oshirish maqsadida vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan oʻzaro elektron bogʻlanish.

Bunda, vazirlik va idoralar rahbarlari Davlat statistika qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasidagi soʻroviga muvofiq oʻzlarining axborot tizimlariga kirish va undan erkin foydalanishni taʼminlash uchun shaxsan javobgardirlar.

4. Quyidagilar:

Jahon banki koʻmagida ishlab chiqilgan 2020-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;

2020-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashining tarkibi 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Vazirlar Mahkamasi (J.A.Qoʻchqorov):

Strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning toʻliq bajarilishini tashkil qilsin, belgilangan vazifalar bajarilishi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin;

bir oy muddatda Strategiyaning yoʻnalishlari boʻyicha tegishli chora-tadbirlarning bajarilishi uchun masʼul boʻlgan manfaatdor vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat tarmoq ishchi guruhlarini shakllantirsin;

Strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning ijrosini taʼminlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida, sifatli tayyorlanishi va belgilangan tartibda kiritib borilishini taʼminlasin;

Strategiyaning ijrosi yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Jahon banki bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻysin hamda ularning ijrosi uchun Jahon banki tomonidan ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan monitoring oʻrnatsin;

Strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning ijro holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yillik axborotlarning taqdim etib borilishini taʼminlasin.

6. Davlat statistika qoʻmitasi huzurida oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadigan Jamoatchilik kengashi faoliyat yuritishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Jamoatchilik kengashiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

Davlat statistika qoʻmitasining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflarni va foydalanuvchilarning rasmiy statistika maʼlumotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;

statistika maʼlumotlarining shaffofligi, oshkoraligi va qulayligini oshirishni taʼminlash;

Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan dolzarb, sifatli va ishonchli statistikaning shakllantirilishiga koʻmaklashish;

mavjud statistika maʼlumotlari haqida jamoatchilikning xabardorligini hamda ularning statistika maʼlumotlariga boʻlgan ishonchini oshirish uchun foydalanuvchilar bilan yaqindan aloqa oʻrnatish.

7. Davlat statistika qoʻmitasi:

Jamoatchilik kengashi faoliyatiga nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillarini, milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilish choralarini koʻrsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar mamlakatda milliy iqtisodiyot va ijtimoiy sohani isloh qilish jarayonlarining ishonchliligi va toʻliqligini inobatga olgan holda Davlat statistika ishlari dasturini ishlab chiqsin va Jamoatchilik kengashiga kelishish uchun taqdim etib borsin;

har yili 1-oktyabrga qadar Davlat statistika ishlari dasturining bajarilishi natijalari va statistika sohasida metodologiyani takomillashtirish hamda ishlarni tashkil etish borasida olib borilayotgan faoliyat samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobotning Statistika kengashiga kiritib borilishini taʼminlasin.

8. Davlat statistika qoʻmitasiga roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun 65 ta qoʻshimcha shtat birligi, shu jumladan:

markaziy apparat uchun – 17 ta shtat birligi;

hududiy boshqarmalar uchun – jami 48 ta shtat birligi ajratilsin.

Bunda, Davlat statistika qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlari cheklangan sonini oshirish davlat soliq xizmati organlari xodimlari sonini qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.

9. Mazkur qarorning 5-ilovasiga muvofiq roʻyxat boʻyicha vazirlik va idoralar bir oy muddatda xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida idoraviy statistika maʼlumotlarini shakllantirish va Davlat statistika qoʻmitasi bilan axborot almashinuvini taʼminlashga ixtisoslashtirilgan boʻlimni tashkil etsin.

10. Moliya vazirligi:

Davlat statistika ishlari dasturini amalga oshirish uchun mablagʻ ajratishda foydalanuvchilarning rasmiy statistika maʼlumotlariga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Statistika kengashi va Jamoatchilik kengashi tomonidan shakllantirilgan takliflarni inobatga olsin;

2020-yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi sarf-xarajatlar uchun Davlat byudjeti parametrlari doirasida zarur mablagʻlarni ajratsin va 2021-yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin.

11. Davlat statistika qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini auditdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashi tarkibi toʻgʻrisida”gi F-1838-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                                                                                                                                                             

                               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 3-avgust

 
OʻzA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Muborak Qurbon hayiti mohiyatida mujassam boʻlgan xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish, xalqimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2020-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 31-iyul – juma kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2020-yil 31-iyul Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitining karantin talablariga rioya qilgan holda, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

        Oʻzbekiston Respublikasi 

        Prezidenti  Sh.Mirziyoyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, shuningdek, hududlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish hamda iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimiz, xalqimiz joriy yil boshida oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻygan edi. Butun dunyoga tarqalgan koronavirus infeksiyasi mart oyida yurtimizga kirib keldiyu rejalar oʻzgarib ketdi. Davlatimiz birinchi navbatda odamlar sogʻligʻini saqlash choralarini koʻrdi.

Respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin zonalari qurildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablagʻlar ajratildi.

Shu sertashvish besh oyda Prezidentimiz koronavirus bilan bogʻliq qator farmon va qarorlar qabul qildi. Ularga muvofiq, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari imkon darajasida qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olgan. Deyarli har bir yigʻilishda bu masalaga eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumki, avvalroq poytaxtimiz va Toshkent viloyatida koronavirus bilan bogʻliq vaziyat har tomonlama tahlil qilingan edi. Bu galgi videoselektor yigʻilishida barcha hududlardagi ahvol, dolzarb chora-tadbirlar muhokama etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari kasallik koʻrsatkichlari, davolanayotganlar soni va bu borada yaratilgan zaxira oʻrinlari boʻyicha hisobot berdi. Aholi murojaatlari, shoshilinch tibbiy yordam mashinalari, dori-darmon taʼminoti boʻyicha holat tahlil qilindi.

Yigʻilishda joylardagi muammolar ochiq muhokama qilindi. Koronavirusga qarshi kurashish uchun qaysi hududga qanday texnika va vositalar kerakligi belgilandi.

Prezident mutasaddilarga vaziyatning haqiqiy holatini real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etib borish boʻyicha qatʼiy topshiriq berdi.

Davolash ishlarini sifatli va xavfsiz tashkil etish, shu bilan birga, aholi va obyektlarni dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlab, kasallik yuqishining oldini olish muhimligini taʼkidlandi.

Har bir hudud ehtiyojidan kelib chiqib, yetarlicha dori-darmon, tibbiy buyumlar va test tizimlari bilan taʼminlash, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish manbalari belgilandi.

Yigʻilishda sogʻliqni saqlash sohasi mutasaddilari va hududlar rahbarlari hisobot berdi.

Shuningdek, videoselektorda hududlar rahbarlari pandemiya sharoitida iqtisodityotni barqaror rivojlantirish, investitsiya jalb qilish va eksport hajmini oshirish borasidagi 6 oylik yakunlari boʻyicha ham xisobot berdilar.

Keskin surʼatlarda davom etayotgan pandemiyaning iqtisodiyotga koʻrsatayotgan taʼsirini avvaldan baholash va mamlakat makroiqtisodiy barqarorligini taʼminlash, investitsion loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi, sanoat va qurilish sohasidagi prognozlarni bajarish, eksportni koʻpaytirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijalari tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbari har bir hududdagi korxonalarda pul tushumlari kamayganini qayd etib, 2020-yil 1-oktyabrga qadar tijorat banklari bilan birga qurilish va sanoat korxonalarining aksar qismini, yil yakunigacha esa 100 foiz korxonalarning faoliyatini tiklash boʻyicha topshiriq berdi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida ham qator hududlarda iqtisodiy prognozlar bajarilmaganini koʻrish mumkin. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi yalpi mahsuloti qiymati prognozga nisbatan 59 milliard soʻmga kam boʻlgan. Bu koʻrsatkich Qashqadaryo viloyatida 177 milliard, Sirdaryo viloyatida 173 milliard, Toshkent viloyatida 129 milliard soʻmni tashkil qiladi.

Shavkat Mirziyoyev har bir hududda takroriy maydonlar hisobiga sabzavot va poliz mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi qoloqliklarni qoplash, aholi xonadonlariga parranda tarqatish ishlarini jadallashtirish hamda chorvachilik, baliqchilik sohasida intensiv texnologiyalarni keng qoʻllash hamda yil yakuniga qadar hududlar salohiyatini inobatga olgan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni 3-4 % ga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

O'zA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech