Sayt test rejimida ishlamoqda

Mazkur loyihalar orqali 4 500ga yaqin yangi ish o'rinlari yaratiladi

Hukumat qarori bilan 2018 – 2019 yillarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Mirishkor hamda Chiroqchi tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma'lum qildi.

Mazkur dasturlar oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari, shuningdek, qurilish materiallari, engil sanoat va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiyalash, yangidan barpo etish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi sohasining yanada barqaror rivojlanishini ta'minlash, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo'yicha investisiya loyihalarini o'z ichiga olgan.

Dasturlar doirasida viloyatning Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi tumanlarida jami 1305 ta loyihaning amalga oshirilishi, bu orqali esa 4 500ga yaqin yangi ish o'rinlarining yaratilishi nazarda tutilgan.

Xususan, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo'yicha amalga oshiriladigan ishlar doirasida Dehqonobod tumanida 160 o'rinli maktabgacha ta'lim muassasasi, Bolalar-o'smirlar sport maktabi tarkibida yopiq suzish havzasini qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Mirishkor tumani markazida yangi Madaniyat va istirohat bog'ini tashkil etish, Oilaviy poliklinika binosini qurib foydalanishga topshirish, tuman tibbiyot birlashmasida tez tibbiy yordam ma'muriy binosi faoliyatini yo'lga qo'yish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Chiroqchi tuman markazidagi ko'p qavatli uy-joylarning kanalizasiya tizimi tubdan yangilanadi. Buning uchun 1 mlrd. 56 million so'm ajratiladi.

O'zA ma'lumotlari asosida