Sayt test rejimida ishlamoqda

TADBIRKORLAR UCHUN

Obuna bo'ling!

Please enable your javascript to submit this form

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 14-aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. 

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. 

Davlat tashrifining asosiy tadbirlari 15-aprel kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tadi. Tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinishi, qator muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. 

Prezidentlar O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etadi.
 

Manba: president.uz

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qaroriga

Sharh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori mamlakatimiz nufuzi 
va investisiyaviy jozibadorligini mustahkamlash hamda statistika salohiyatini oshirishga qaratilgan davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan:

O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi;

Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtirish uchun xalqaro ustuvor ma’lumotlar bazalarini, shuningdek “Ochiq ma’lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma’lumotlar barometri” talablariga muvofiq ma’lumotlarning ochiqlik holatini o‘rganib chiqish uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar ro‘yxati;

Jahon bankining statistika salohiyati indeksida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash hamda 2020 yildan boshlab byudjet ochiqligi indeksida ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” va maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangan. 

O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalining samarali faoliyat ko‘rsatishi va muvofiqlashtirib borilishi Davlat statistika qo‘mitasiga, texnik qo‘llab-quvvatlash, yangi interaktiv funsiyalarni joriy etish esa Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga yuklatilgan.

Mas’ul vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda “Ochiq ma’lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma’lumotlar barometri” metodikasining asosiy yo‘nalishlariga muvofiq ma’lumotlar ochiqligi holatini o‘rganish va tahlil qilinishini, shuningdek kelgusida mavjud ma’lumotlarni Portalda e’lon qilinishini tashkil etadilar.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Davlat statistika qo‘mitasiga, uch oy muddatda, Ochiq ma’lumotlar puxtaligi modeli (“Open Data Maturity Model”) hamda boshqa xalqaro amaliyotlar asosida, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish hamda natijalarini har chorakda Portalda e’lon qilib borish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, qaror bilan 2020-2021 yillarda YUNISEF bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazish, Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi negizida Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Qarorda Ochiq ma’lumotlar portalida tegishli axborotni e’lon qilish va yangilash tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini, “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun loyihasini, shunigdek “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Axborotdan foydalanish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar meyorlarini birxillashtirishni nazarda tutuvchi axborot tarqatish sohasidagi qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, 2019 yil 1 apreldan boshlab Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarining ish haqlari 1,3 martaga oshirilishi, shuningdek davlat statistika organlari xodimlariga uzoq muddat ishlagan yillari uchun 10%dan 60%gacha bo‘lgan miqdorda har oylik ustamalar to‘lanishi ko‘zda tutilgan. Manba: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel kuni joriy yilning birinchi choragida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarning amalga oshirilishini tahlil qilish, birinchi yarim yillikka doir vazifalarni belgilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Keyingi yillarda vazirlar va tarmoqlar rahbarlari hududlarga yuborilib, joylarda yangi korxonalar va doimiy ish o‘rinlari tashkil etishni ta’minlaydigan investitsiya loyihalari ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va yengilliklar joriy etildi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari, jahonning yetakchi ishbilarmonlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, mamlakatimizga o‘nlab milliard dollar investitsiya jalb etish bo‘yicha 700 ga yaqin investitsiya bitimlari imzolandi.

Bunday chora-tadbirlar natijasi o‘sish sur’atlarida ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, o‘tgan yili asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 18 foizdan ziyod o‘sgan. Bu, o‘z navbatida, sanoat ishlab chiqarishining 14,4 foizga ko‘payishini ta’minlagan.

Muhim sifat o‘zgarishi shundaki, ilgari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida hududiy loyihalar deyarli bo‘lmagan bo‘lsa, joriy yilda o‘zlashtiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning yarmi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

2019-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq jami 3 ming 200 dan ziyod investitsiya loyihasi doirasida qariyb 14 milliard dollar miqdoridagi kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Shundan 4 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan. 

Yig‘ilishda mazkur investitsiya loyihalari tarmoqlar va hududlar kesimida tahlil qilinib, olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Muddatidan kechikayotgan loyihalarning muammoli jihatlari muhokama qilindi. 

Birinchi chorakda belgilangan mablag‘lar o‘zlashtirilgan bo‘lsa-da, ayrim tarmoqlar va hududlarda ishlar qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zavtosanoat”, “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbarlari, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari ogohlantirildi.

Davlatimiz rahbari investitsiyalarning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlash uchun yangi nazorat tizimini joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rtta ro‘yxatga bo‘linib, alohida va izchil nazorat qilib boriladi.
 

Birinchi ro‘yxatga joriy yilda 3,6 milliard dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi mo‘ljallangan 27 ta eng muhim strategik loyihalar kiritiladi va u Prezidentning doimiy nazorati ostida bo‘ladi. 

Ikkinchi ro‘yxat shu yili 1,3 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladigan 65 ta yirik loyihadan iborat bo‘lib, uni Bosh vazir nazorat qilib boradi. 

Bosh vazir o‘rinbosarlari nazorat qiladigan uchinchi ro‘yxatga 407 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan 65 ta loyiha kiritiladi. 

To‘rtinchi ro‘yxatdagi loyihalarni hududlarga biriktirilgan markaziy idoralar rahbarlari va hokimlar nazorat qiladi.

Investitsiyaviy loyihalar ijrosi doimiy ravishda muhokama qilinib, muammolar tezkorlik bilan hal etib boriladi.

Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish borasida imkoniyatlar to‘liq ishga solinmaganiga e’tibor qaratib, tarmoqlar va hududlarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tarmoq vazirliklari bilan birgalikda neft-gaz, kimyo, energetika, qurilish materiallari, mashinasozlik, elektr texnikasi sohalarida, shuningdek, hududlardagi mavjud salohiyat va resurslaridan kelib chiqib, har bir tuman va shahar bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shakllantirilgan ushbu takliflar asosida mamlakatimizning elchixonalari bilan birgalikda yurtimiz va xorijda biznes-forumlar tashkil qilish, mahalliy investorlarning maqsadli taqdimotlarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

– O‘zbekiston bilan ishlash istagini bildirgan xorijiy investorlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatib, loyihaning boshidan oxirigacha ularga yordam berish, oddiy qilib aytganda, ularni “qo‘lidan yetaklab” natijani ta’minlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yig‘ilishda Toshkent shahriga sarmoya jalb etishni kengaytirish, investitsiya loyihalari uchun yer uchastkalari va davlat mulki ob’ektlari berish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Poytaxtimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. 

Hududlar va tarmoqlarda loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish, yuzaga kelgan muammolarni tezkor aniqlab, hal etish bo‘yicha elektron axborot tizimini qisqa muddatda ishga tushirish zarurligi qayd etildi. 
 

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi ishlar tahlil qilinar ekan, ijtimoiy sohalardagi loyihalar aholi turmushi uchun muhimligi, ular o‘z muddatida va sifatli amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 4 ta, Suv xo‘jaligi vazirligida 4 ta, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida 3 ta loyiha bo‘yicha ishlar kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Bunday loyihalarni muvofiqlashtirishni takomillashtirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro moliya institutlari bilan bevosita ishlaydigan vazirlik va idoralar belgilandi.

Videoselektorda oliy darajadagi tashriflar yakuniga ko‘ra tasdiqlangan “yo‘l xaritalari” ijrosiga ham e’tibor qaratildi. 

Ma’lumki, ular doirasida 700 ga yaqin investitsiya bitimi imzolangan. Hisob palatasi tomonidan kelishuvlarning ma’lumotlar bazasi yaratilgan, ularning ijrosi bo‘yicha monitoring va nazorat o‘rnatilgan. 

Prezidentimiz “yo‘l xaritalari”dagi chora-tadbirlarni tez va izchil amalga oshirish, bu borada hukumatlararo komissiyalarning faoliyatini jonlantirish zarurligini ta’kidladi. 

Vazirlar Mahkamasiga har bir davlat bilan hamkorlik yo‘nalishlarining asosiy xususiyatlaridan kelib chiqib, hukumatlararo komissiyalar tarkibini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Keyingi yildan boshlab investitsiya dasturlari uch yillik qilib shakllantirilishi, barcha tarmoqlar va hududlar bunga tayyorgarlikni bugundan boshlashi zarurligi ta’kidlandi. 

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha galdagi muhim vazifalar belgilab berildi. Manba...

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Avval xabar qilinganidek, 19-mart kuni shu borada videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, birlamchi vazifalar belgilab berilgan edi. Ularga asosan har bir yo‘nalish bo‘yicha dasturlar loyihalari ishlab chiqildi. 

Yig‘ilishda mazkur dasturlarga kiritilgan takliflar, ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.

Xususan, birinchi tashabbus bo‘yicha yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etishga oid dastur loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, 2019-2020-yillarda 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 2 million nafar yoshlarni madaniyat va san’atga jalb etish bo‘yicha hududiy “yo‘l xarita”larini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablarida qo‘shimcha sinflar, madaniyat markazlarida cholg‘u, xonandalik, tasviriy san’at to‘garaklari, havaskorlik teatr jamoalari va bolalar ansambllarini tashkil etish belgilangan. Yangidan quriladigan, rekonstruksiya va kapital ta’mirlanadigan hamda jihozlanadigan madaniyat markazlari manzilli ro‘yxati ham shakllantirilgan.

Davlatimiz rahbari dastur loyihasida tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari yetarli emasligi, har bir shahar va tumanga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilgan soha namoyandalarining amaliy vazifalari aniq belgilanmaganini qayd etdi. Hududiy “yo‘l xarita”lari ijrosini tizimli tashkil etish, to‘garak va sinflarga qamrab olingan bolalarni rag‘batlantirish, jumladan, har xil tanlovlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. 

Belgilangan qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari, shuningdek, madaniyat markazlari, musiqa va san’at maktablarini musiqa cholg‘ulari bilan ta’minlash uchun tegishli mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ikkinchi tashabbus yuzasidan tayyorlangan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgan dastur loyihasida yaqin 2 yilda har bir tumanda yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish belgilangan. 

Prezidentimiz mavjud va yangi quriladigan sport inshootlariga aholi va yoshlarni kengroq jalb etish, ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazishni ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.   

Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur doirasida 2019-2020 yillarda tuman va shaharlarda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etish va ularda bepul ta’lim berish, 19 mingga yaqin ijtimoiy soha ob’ektini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda aholining kompyuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziqqan bolalarni to‘g‘ri yo‘naltirib, ularni malakali mutaxassis darajasiga olib chiqish, dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish chora-tadbirlar dasturi loyihasi to‘rtinchi tashabbus maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, har bir hududga 1 million donadan badiiy, tarixiy, ilmiy, ommabop mavzulardagi kitoblar yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, axborot-kutubxona markazlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, tadbirkorlar tomonidan xalq kutubxonalari ochish ham belgilangan.

Beshinchi tashabbus bo‘yicha hududlarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xotin-qizlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi loyihasi tayyorlangan. 2019-2020 yillarda har bir tumanda yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalarini qurish va ayollarni band etish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda ushbu korxonalarni puxta hisob-kitob asosida tashkil etish, ularda ishlab chiqariladigan tovarlar bozorini, ya’ni aniq xaridorini topish yuzasidan takliflar bildirildi. 

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitilib, dasturlar loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Manba: president.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAAga tashrifi doirasida energetika sohasida qator kelishuvlarga erishilgan. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyev «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot» dasturida ma'lumot berdi.

«Shuni aytish kerakki, Birlashgan Arab Amirliklarida prezidentimizni eng qadrdon do‘st sifatida qabul qilishdi. Barcha muzokaralar do‘stona va o‘ta iliq muhitda bo‘lib o‘tdi. Amirliklar rahbarlari O‘zbekiston bilan hamkorlikka astoydil intilmoqda.

Ishonch bilan aytish mumkinki, prezidentimizning Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi juda muvaffaqiyatli va samarali bo‘ldi. Tashrif yakunlariga ko‘ra, 10 milliard 675 million dollarlik bir qator loyihalar bo‘yicha salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.

Bu loyihalar diversifikatsiya qilingan: manzili, maqsadi, mablag‘i, vaqti aniq. Misol uchun, neft-gaz sohasini oladigan bo‘lsak, bu boradagi loyihalar geologik-qidiruvdan tortib, qazib olish va chuqur qayta ishlash jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Energetika sohasida esa nafaqat an'anaviy issiqlik elektr energiyasi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish orqali, energetika yo‘nalishidagi boshqa ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bu Mubadala Utilities kompaniyasi bilan hamkorlikda ro‘yobga chiqariladi.

Shuningdek, muqobil energetika sohasi, xususan, shamol, quyosh energiyasi bo‘yicha ham aniq ishlar bajariladi. Umuman, BAA bilan hamkorlik ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan. 

Mening fikrimcha, muhtaram prezidentimiz tashrifi yakunlari bo‘yicha maksimal natijalarga erisha oldik. Gap faqat loyiha va kelishuvlar miqdorida emas, balki ularning sifati haqida ham bormoqda. 

Ya'ni, Birlashgan Arab amirliklarining Mubadala Utilities, Mubadala Petroleum, Masdar va boshqa kompaniyalari bilan hamkorlik orqali biz O‘zbekistonga eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etmoqdamiz. Tashrif yakunlari bo‘yicha biz bu mamlakatning energetika sohasidagi eng yetakchi kompaniyasi bo‘lmish Masdar bilan O‘zbekistonda quvvati 500 megavattli shamol elektrostansiyasi qurish bo‘yicha kelishib oldik. Shuningdek, biz quyosh energetikasi bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishdik. Bu loyihalar bo‘yicha ishlar shu yilda boshlanadi», degan Elyor G‘aniyev.

 Manba: kun.uz