Hurmatli foydalanuvchilar, Sizlarni Davlat statistika qo`mitasi tomonidan joriy yilning 1 iyunidan 30 sentyabrigacha “Taqdim qilinayotgan statistik ma`lumotlarning sifatidan foydalanuvchilarning qoniqish darajasini baholash” bo`yicha o`tkazilayotgan so`rovnomada, savolnomani to`ldirish asosida ishtirok etishga taklif qilamiz.

TADBIRKORLAR UCHUN

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-fevral kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda eksport hajmlarini oshirish borasidagi eng muhim vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, videoselektor orqali joylardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar rahbariyati, yirik kompaniyalar vakillari, elchilar ishtirok etdi.

Eksport – iqtisodiyot barqarorligining asosiy omili. Valyuta zaxiralarini koʻpaytirishning yagona yoʻli ham eksport hajmini keskin oshirishdir.

Mamlakatimizda eksport faoliyatini yengillashtirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar natijasida oʻtgan yili eksport hajmi 14 milliard 258 million dollarni tashkil etib, 13,6 foizga oʻsgan.

Keyingi ikki yilda eksport geografiyasi 50 ta davlatga kengayib, 140 taga yetgan. Eksportga 120 ta yangi turdagi mahsulot chiqarilgan. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 56 foizni tashkil etib, hududiy sanoat eksporti qariyb 1,7 barobar oʻsgan.

Biroq, hali ham mamlakatimizning eksport salohiyatidan toʻliq foydalanilmayapti.

Yigʻilishda Prezidentimiz eksportbop mahsulotlar tarkibini diversifikatsiya qilish, eksportda xomashyo boʻlmagan mahsulotlar ulushini kamida 60 foizga yetkazish zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-2025-yillarga moʻljallangan Milliy eksport strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.

Mazkur strategiya eksportyorlarga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini toʻliq elektron shaklga oʻtkazish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, “Doing Business” reytingida “tashqi savdo” koʻrsatkichi boʻyicha yuqori 50 ta mamlakat qatoriga kiritish masalalarini qamrab oladi. Xorij tajbirasidan kelib chiqib, eksport qiluvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston eksportyorlar assambleyasi tashkil etiladi.

Videoselektorda eksportni koʻpaytirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etib, bu boradagi ishlarni jonlantirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻtgan yili hududiy eksport prognozi bajarilmagani, ayniqsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani qayd etildi. Hududiy meva-sabzavot eksporti prognozdan ancha kam boʻlgani, bironta ham hududda bu boradagi reja bajarilmagani tanqid qilindi.

Albatta, eksport jahon bozoridagi konʼyunkturaga ham bogʻliq. Xorijiy ekspertlar joriy yilda ham asosiy xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari past boʻlishini prognoz qilishmoqda.

Shu bois mamlakatimizda 2019-yilgi eksport prognozi oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga koʻp etib belgilandi.

Davlatimiz rahbari eksport prognozini taʼminlashni aniq hisob-kitob asosida tashkil etish, bu borada yangi tizim yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.

Unga muvofiq, avvalo, Respublika eksport shtabi faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Ushbu shtabdan vakillar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga biriktiriladi.

Shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻzlari mutasaddilik qiladigan vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan eksport prognozi bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi.

Respublika eksport shtabi, Bosh vazir oʻrinbosari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarmoqlar va hududlar boʻyicha oʻn kunlik eksport jadvallarini ishlab chiqib, tuzilgan eksport shartnomalarini soʻzsiz bajarish hamda qoʻshimcha kelishuvlar imzolash choralarini koʻradi.

Ikkinchidan, har bir hududda eksport boʻyicha doimiy ishlaydigan viloyat shtablari, tumanlar va shaharlarda ishchi shtablar tashkil etiladi. Ularning masʼulligida eksportbop mahsulotlar ekinlarini optimal joylashtirish, xoʻjaliklarni sifatli urugʻlar va koʻchatlar bilan taʼminlash, hosilni nobud qilmasdan yigʻib olish, saralash, qadoqlash, saqlash va qayta ishlash, mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarishgacha boʻlgan yaxlit tizim yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, ushbu shtablar ichki va tashqi logistika, sertifikatsiya masalalariga, kichik biznes subyektlarining eksportini koʻpaytirish, kerak boʻlsa, aylanma mablagʻlar uchun kreditlar ajratilishiga koʻmaklashadi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, har bir viloyat, tuman va shahar shtablari tarkibiga iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, transport, energetika, bojxona, standart, savdo-sanoat palatasi, karantin boʻyicha respublika idoralarining joylardagi boshqarma va boʻlimlari hamda tijorat banklaridan vakillar kiritiladi.

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari ushbu shtablar rahbarlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarma va boʻlimlari ularning ishchi organlari hisoblanadi.

Hududdagi shtablar eksportyorlar bilan doimiy ravishda ishlab, muammolarini tezda hal qilib borishlari shart, deyildi yigʻilishda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijalari “onlayn” maʼlumotlar bazasiga kiritilib, nazorat qilib boriladi.

Uchinchidan, har bir vazir, har bir xoʻjalik birlashmasi rahbari oʻz yoʻnalishidagi korxonalar boʻyicha, ular tarmoq yoki hududiy korxona boʻlishidan qatʼi nazar, eksport prognozi bajarilishi uchun javob beradi.

Misol uchun, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi klasterlarda paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab, uni chuqur qayta ishlashga, respublika boʻyicha barcha tekstil mahsulotlari eksportiga masʼul boʻladi.

Shu bois tarmoqlarda zamonaviy tejamkor texnologiyalarni qoʻllagan holda, yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi. 
Toʻrtinchidan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimini samarali ishga solib, korxonalarga tashqi bozorlarga chiqishga koʻmaklashadi, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va xatarlarni sugʻurtalash choralarini koʻradi. Ushbu Milliy tizim faoliyati Eksport shtablari bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilishi, eng muhimi, korxonalar bu tizim samarasini sezishi kerakligi qayd etildi.

Beshinchidan, eksportni taʼminlashda barcha vazirlik va idoralar bevosita qatnashadi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi elchilar bilan birgalikda xorijiy davlatlardagi bozor talablari va buyurtmalarni aniqlab, eksport shtablariga muntazam taqdim etib boradi.

Hududlarga biriktirilgan elchilar hokimliklarga tashqi bozorlarda xaridor topish hamda mahalliy korxonalarni xorijiy davlatlardagi koʻrgazmalarga yuborishga koʻmaklashadi.

Oltinchidan, transport va logistika xizmatlarini yaxshilashga katta eʼtibor qaratiladi.

Maʼlumki, bu borada 20 dan ortiq xalqaro transport koridorlari va yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan, avtomobilda xalqaro yuk tashish boʻyicha 30 ta davlat bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Lekin logistika va yoʻl infratuzilmasi, chegara bojxona punktlari quvvati tobora oʻsib borayotgan tranzit talablariga toʻliq javob bermayapti.

Shu bois mutasaddilarga logistika markazlari va yoʻlboʻyi infratuzilmasini yanada rivojlantirish, chegara bojxona punktlari texnik holati va oʻtkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash, transport vositalari va yuklarni rasmiylashtirishda axborot texnologiyalarini faol joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Samolyotda yoʻlovchi va tovarlar tashish uchun tarif siyosatini optimallashtirish, xususiy operatorlarga vagonlar parkini tashkil etishda koʻmaklashish, tranzit davlatlardan chegirmalar olish va eksportyorlarga tatbiq etish vazifalari qoʻyildi.

Yettinchidan, eksport tovarlarini standartlashtirish va sertifikatlash talab darajasida emasligi, aksariyat standartlar jahon andozalariga mos kelmasligi ularni eksport qilishda jiddiy qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Shu bois “Oʻzstandart” agentligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda sertifikatlash va standartlashtirish boʻyicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi.

Yigʻilishda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Shu yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan 67 ta tumanda ekinlarini optimal joylashtirish, yetishtirilgan meva-sabzavotlarning kamida 25 foizini eksportga yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur tumanlarda meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, shunday mahsulotlarni qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalarni koʻpaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

– Hamma aniq bilishi kerak: agar eksportbop meva-sabzavotlar sifatli yetishtirilmasa va xorijga yil davomida yetkazib berilmasa, ularning eksportini keskin oshirib boʻlmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlariga yengillik yaratish maqsadida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus va Boltiqboʻyi davlatlari bilan “Yashil yoʻlak” tizimini joriy qilish, karantin xizmatlaridan belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, AQSH va Yevropa bozoriga kirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda yana bir dolzarb vazifa – xizmatlar eksportini kengaytirish, ayniqsa, turizmni rivojlantirish istiqbollari koʻrsatib oʻtildi.

Makroiqtisodiy barqarorlik koʻp jihatdan importni tartibga solishga ham bogʻliqligi taʼkidlanib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, importning tarif va notarif boshqaruv siyosatini takomillashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi.

Manba: president.uz

 

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING PQ-3165-SON QARORI
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QO`MITASI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO`G`RISIDA